Venesuela prezidenti Nikolas Maduro respublika so‘nggi 100 yil ichida AQSh tomonidan bosqinning eng katta tahdidiga duch kelayotganini aytdi.
Bu haqda u matbuot anjumanida ma’lum qildi.
"Venesuela so‘nggi 100 yilda qit’amiz duch kelgan eng katta xavf bilan yuzma-yuz turibdi. 1200 ta raketaga ega sakkizta harbiy kema va bitta atom suv osti kemasi mamlakatimizga qaratilgan", - dedi Maduro.
U bosqinchilik tahdidini "haddan tashqari, asossiz va mutlaqo jinoiy" deb ta’riflagan. Prezident “maksimal harbiy bosim sharoitida Venesuela mudofaa uchun to‘liq tayyorligini e’lon qilganini” ta’kidladi.
Prezident AQSh Davlat kotibi Marko Rubioni Venesuelaga bosim o‘tkazishda va Lotin Amerikasidagi vaziyatni beqarorlashtirishda aybladi. Venesuela rahbari Rubio Venesuela, Janubiy Amerika va Karib havzasi aholisiga qarshi urush boshlash niyatida ekanini aytdi.
19 avgust kuni Reuters agentligi Pentagondagi manbalariga tayanib, AQSh harbiy-dengiz kuchlarining uchta esminesi (USS Gravely, USS Jason Dunham va USS Sampson) "narkokartellarga qarshi kurash bo‘yicha operasiyalarni o‘tkazish uchun" Karib dengizining janubiy qismiga Venesuela qirg‘oqlariga yuborilgani haqida xabar berdi. Shuningdek, USS Newport News atom suvosti kemasi, USS Lake Erie boshqariladigan raketa kreyseri, desant kemalari va 4500 nafar harbiy xizmatchi safarbar etilgani xabar qilingan.