3 avgust kuni AQShning Los-Anjeles shahrida katta professional boks kechasi tashkil etiladi.
Oqshomning markaziy jangi birinchi o‘rta vazn (69,9 kg.gacha)da WBA chempioni Isroil Madrimov hamda amerikalik Terens Krouford o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Ushbu chempionlik jangiga yana bitta kamar qo‘yilishi aytilmoqda.
Gap shundaki, bu vaznda WBC va WBO chempionlik kamarlari sohibi bo‘lib turgan amerikalik Sebastyan Fundora hamyurti kichik Errol Spens bilan jang o‘tkazishga kelishib oldi. Aslida u WBO kamarini majburiy va rasmiy da’vogar Terens Krouforddan himoya qilishi kerak edi.
O‘zboshimchalik bilan qaror qabul qilgani uchun Fundorani WBO kamaridan mahrum qilishlari mumkin. Butunjahon boks ittifoqi shu bo‘yicha navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazadi va unda bu masalani muhokama qiladi.
Agar Fundora haqiqatan ham WBO kamaridan mahrum qilinsa, Krouford va Madrimov o‘rtasidagi jang g‘olibi WBA bilan birga ushbu chempionlik kamarini ham qo‘lga kiritadi.