Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 2025 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida qatnashishini aytdi, deb yozadi «TASS». «Ha, men qatnashaman», degan Lukashenko «Rossiya-1» telekanalidagi «60 daqiqa» dasturi boshlovchisi Olga Skabeevaning savoliga javob berib. Chorshanba kuni ertalab Belarus parlamenti saylovlarni 26 yanvarga belgilagani ma’lum bo‘ldi. Lukashenko 1994 yildan beri Belarusda uzluksiz rahbarlik qilib keladi. 2020 yilda saylovlardan so‘ng mamlakatda keng ko‘lamli norozilik namoyishlari boshlandi va ular shafqatsizlarcha bostirildi. Saylovda Lukashenkoga raqiblik qilgan Svetlana Tixanovskaya xorijga ketishga majbur bo‘ldi.