Butun dunyoda qimor va tavakkalchilikka asoslangan turli noqonuniy o‘yinlar texnika va internet rivoji davrida yanada kuchaydi. Qonunan jinoyat hisoblanadigan 1xBet, MostBet kabi onlayn o‘yinlarning O‘zbekistonda ham ishqivozlari ko‘p.
Buni so‘nggi paytlardagi statistikalardan ham ko‘rish mumkin. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, “onlayn” qimor bilan bog‘liq jinoyatlar 2019 yilda 55 ta, 2020 yilda 86 ta, 2021 yilda 103 ta, 2022 yilning 6 oyida 90 tani tashkil etgan. O‘yinlarda yutqazib qo‘ygani uchun 2021 yilda 6 nafar va 2022 yilning 6 oyida 6 nafar fuqaro o‘z joniga qasd qilib, vafot etgan. Ularning barchasi 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir.
Hudud24.uz qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, ularning oqibati va javobgarlik borasidagi muhim qoidalarni eslatib o‘tdi.
1. Qanday o‘yinlar qimor hisoblanadi?
Qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yin — o‘yin tashkilotchisi tomonidan bir yoki undan ortiq ishtirokchilar bilan tasodifga (voqeaga) yoki o‘yin ishtirokchisining qobiliyati, epchilligi va boshqa sifatlariga, shuningdek tavakkalchilikka asoslangan xatti-harakatlar majmuini nazarda tutuvchi o‘yin hisoblanadi.
Bular sirasiga totalizatorlar (1xBet, MostBet va shu kabi), kazino, shuningdek o‘yin avtomatlaridan foydalaniladigan o‘yinlar kiradi.
Bundan tashqari, ayniqsa, qishloq joylaridagi aholi orasida “Milliy xalq o‘yinlari” deyiladigan o‘rtaga pul tikib, turli parranda va hayvonlarni urishtirish holatlari ham qimor o‘yinlari hisoblanadi.
2. Lotoreya qimor hisoblanadimi?
Lotoreya (italyancha lotteria so‘zidan olingan bo‘lib, qur’a ma’nosini bildiradi) — davlat yoki maxsus ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlar tomonidan maxsus biletlar sotish orqali aholi o‘rtasida o‘tkaziladigan yutuqli o‘yin hisoblanadi.
Lotoreya noqonuniy hisoblanmaydi. Chunki, lotoreyada davlat, vakolatli davlat organidan ruxsatnoma (lisenziya) olgan shaxslar va lotereyalar ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlar shartnomaga asoslanadi. Bunday shartnoma lotereya bileti berish orqali rasmiylashtiriladi va ishtirokchi lotereya bileti qiymatini to‘lagan paytdan e’tiboran tuzilgan deb hisoblanadi.
Shartnomani tuzish to‘g‘risidagi taklif lotereyalar o‘tkazish muddati va yutuqni aniqlash tartibi hamda uning miqdori haqidagi shartlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi lozim.
Lotereyalar o‘tkazish shartlariga muvofiq yutgan deb e’tirof etilgan shaxslarga belgilangan miqdorda, shaklda (pul yoki buyum holida) va muddatlarda, agar bu shartlarda muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, lotereyalar natijalari chiqarilgan paytdan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay lotereyalar tashkilotchisi tomonidan yutuq to‘lanishi lozim.
Lotereyalar tashkilotchisi yuqoridagi majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, lotereyada yutgan ishtirokchi lotereyalar tashkilotchisidan yutuqni to‘lashni, shuningdek shartnomaning tashkilotchi tomonidan buzilishi tufayli yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplashni talab qilishga haqli.
3. Qimor o‘ynash yoki reklama qilish uchun qanday javobgarlik bor?
2007 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni (shu jumladan totalizatorlar) tashkil etish va o‘tkazish hamda pul yutug‘iga ega bo‘lgan o‘yin avtomatlarini olib kirish taqiqlangan.
Qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish holatlari aniqlangan taqdirda o‘yin anjomlari, o‘yin avtomatlari, o‘yinda stavka va yutuq bo‘lgan boyliklar, shuningdek bunday o‘yinlarda qatnashish natijasida olingan boshqa daromad belgilangan tartibda olib qo‘yiladi va davlat daromadiga o‘tkaziladi.
O‘zbekiston hududida qimor yoki tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish – ana shu o‘yinlar buyumlarini, shuningdek o‘yinga tikilgan hamda o‘yindagi yutuq bo‘lgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Jinoyat kodeksiga ko‘ra, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish, shu jumladan ana shunday o‘yinlar uchun qimorxonalar tashkil etish yoki ularni saqlash – 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Voyaga yetmagan shaxsni qimor o‘yinlariga jalb qilish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, - BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish yoki o‘tkazish uchun telekommunikasiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘i provayderlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish, tegishli dasturiy ta’minotdan nusxa ko‘paytirish, uni ko‘paytirish, tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
4. Qimor o‘ynayotganlarni ko‘rganda kimga murojaat qilish kerak?
Fuqarolar qimor o‘ynashga targ‘ib qilinayotgan, tashkil etilayotgan yoki o‘tkazilayotgan holatlarga duch kelganda, hududlardagi ichki ishlar xodimlariga murojaat qilishlari lozim.
Buning uchun Ichki ishlar vazirligiga shaxsan tashrif buyurish, 102 yoki 1102 qisqa raqamli ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilish yoki info@ivv.uz elektron pochtasi orqali murojaat qilish mumkin.
Eslatma!!!
Fuqarolar va yuridik shaxslarning tavakkalchilikka asoslangan qimor yoki garov o‘yinlar (qimor va bas boylash) uyushtirish yoki ularda ishtirok etish bilan bog‘liq talablari sudda himoya qilinmaydi.
Qimor yoki garov o‘yinlari aldov, zo‘ravonlik, tahdid qilish ta’sirida yoxud o‘z vakilining qimor yoki garov o‘yinlari tashkilotchisi bilan g‘arazli kelishuvi tufayli ishtirok etgan shaxslarning talablari bundan mustasno.