Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Leonardo Di Kaprio 45 yoshda: Aktyor ishtirokidagi eng yaxshi 5 film

Leonardo Di Kaprio 45 yoshda: Aktyor ishtirokidagi eng yaxshi 5 film

Amerikalik taniqli kinoaktyor Leonardo Di Kaprio bugun, 11 noyabr kuni tug‘ilgan kunini nishonladi. U 1974 yilda Los-Anjelesda tug‘ilgan.

Aktyorning ota-onasi u tug‘ilganidan keyin bir yil o‘tib ajrashib ketgan. Rassom sifatida ishlagan otasi tez orada boshqa ayolga uylangan, onasi esa boshqa turmush qurmagan.

Leonardo bolaligidan aktyor bo‘lishni orzu qilardi. U ekrandagi ilk debyutini 2,5 yoshligida ijro etgan. Leonardo bolalar shousidagi epizodda ishtirok etgan.

O‘smirlik yillarida teatr kurslari va studiyalarga qatnashib, aktyorlik mahoratini o‘rgangan.

Leonardo Di Kaprio to‘rt marta «Aviator», «Qonli olmos», «Uoll-strit bo‘risi», «Omon qolgan» filmlari uchun «Oskar»ning «Eng yaxshi erkak roli» uchun nomzodi qo‘yilgan.

2016 yilda «Omon qolgan» filmi uchun «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritgan.

Quyida millionlab muxlislar qalbini zabt etgan aktyor ishtirokidagi eng yaxshi filmlar haqida ma’lumot beramiz.

«Titanik»

Suratga olingan yili: 1997

Janr: Drama, melodrama

Rejissyor: Jeyms Kameron

Bosh rollarda: Leonardo Di Kaprio, Keyt Uinslet

Bu film shunchalik mashhurki, ortiqcha e’tirofga hojat yo‘q. XX asrning afsonaga aylangan fojiasi haqidagi ushbu film kinotomoshabinlarga nafaqat go‘zal muhabbat qissasi, balki Leonardo Di Kaprio ismli yosh aktyorni ham taqdim etdi.

«Titanik»dagi Jek obrazi Leonardoning faoliyatidagi eng muvaffaqqiyatli rollardan biri hisoblanadi.

«Eplasang, tutib ol»  

Suratga olingan yili: 2002

Janr: Drama, kriminal

Rejissyor: Stiven Spilberg

Bosh rollarda: Leonardo Di Kaprio, Tom Xenks, Kristofer Uoker

Rejissyor Stiven Spilbergning Frenk Abigneyl ismli firibgar hayoti asosida suratga olingan detektiv dramasi.

Frenk Abigneyl – odamlar bilan tez til topishadigan, qizlar ko‘ngliga tez yo‘l topa oladigan yosh yigit. Bundan tashqari u o‘zi o‘ylab topgan yolg‘onlariga atrofdagilarni ishontirishga ham usta. Bugun u advokat bo‘lishni ixtiyor etadi, ertaga esa uchuvchilar kiyimini kiyadi, keyingi kun esa u bemorlarni tekshiradi, hattoki ularga tashxis ham qo‘yadi.

Xushmuomala va madaniyatli Frenkning aslida firibgar ekanligi hech kimning xayoliga kelmaydi.

Agar u FQB agenti Karl Xenrettining nazariga tushmaganida Frenkning kirdikorlari uzoq davom etardi…

«Buyuk Getsbi»

Suratga olingan yili: 2013

Janr: Drama, melodrama

Rejissyor: Baz Lurmann

Bosh rollarda: Leonardo Di Kaprio, Tobi Maguayer, Keri Malligan.

Frensis Skott Fisjeraldning «Buyuk Getsbi» asarining hayratlanarli darajada yorqin ekranga ko‘chgan ko‘rinishi. Film «BAFTA», va «Gremmi» mukofotlarini qo‘lga kiritgan.

Film voqealari 1922 yilda ro‘y beradi. Yosh yozuvchi Nik Kerruey ijara uyida ajoyib qo‘shnisi borligini anglab yetadi.

Sirli, badavlat Getsbi urush qahramoni bo‘lib, u Rim imperiyasi ruhidagi dabdabali ballar uyushtiradi.

Getsbi bu ishlarni Kerrueyning jiyani Deyzi Byukenanning e’tiborini tortish uchun qiladi…

«Omon qolgan»

Suratga olingan yili: 2015

Janr: Drama, triller.

Rejissyor: Alexandro Gonsales Inyarritu

Bosh rollarda: Leonardo Di Kaprio, Tom Xardi, Uill Poulter

Bu film uchun Leo uzoq kutgan «Oskar»ni olgan. Film real voqealarga asoslangan bo‘lib, unda kolonist Xyu Glassning hayoti aks etadi. Filmning original nomi «The Revenant» bo‘lib, ingliz tilida bu atama klinik o‘limdan so‘ng o‘ziga kelgan insonlarga nisbatan ishlatiladi.

Film voqealari XIX asrda yuz bergan bo‘lib, filmning asosiy qahramoni 36 yoshli ovchi Xyu Glass. U do‘stlari bilan ovga chiqadi. Unga yo‘lda ayiq duch keladi, ovchi jarohatlanadi, mustaqil harakatlana olmaydi. Hamrohlari Glassni to‘naydi, uning o‘g‘lini o‘ldirib, o‘zini esa yolg‘iz tashlab ketadi. Biroq Xyu o‘zini qo‘lga oladi, endilikda uning hayotdagi asosiy maqsadi hamrohlaridan o‘ch olish bo‘ladi…

«Aviator»

Suratga olingan yili: 2004

Janr: psixologik triller, drama

Rejissyor: Martin Skorseze

Bosh rollarda: Leonardo Di Kaprio, Keyt Blanshet, Alek Bolduin.

Leonardo Di Kaprio ruhiy buzilishlarga ega insonlar obrazini yaratish bo‘yicha champion desak yanglishmaymiz.

«Aviator» taniqli biznes-magnat, rejissyor va uchuvchi Govard Xyuz hayoti haqida hikoya qiluvchi psixologik biografik drama.

Uning ko‘p pul sarflashi va Gollivud aktrisalari bilan aloqalari obsessiv-kompulsiv buzilishning dastlabki simptomlari. Xyuz bu simptomlarni nazorat qila olmaydi. Uning puli kamaya boshlaganidan so‘ng hayoti dahshatli tushga aylana boshlanadi…

Kiritildi: 06:34 12.11.2019. O'qildi: 2941 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!