Rossiya va Turkiya tashqi ishlar vazirlari — Sergey Lavrov va Xakan Fidan telefon orqali suhbatlashib, Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish masalasini muhokama qildilar. Bu haqda TASS agentligi turk diplomatik manbalariga tayangan holda xabar berdi.
Manbalarning ma’lum qilishicha, suhbat chog‘ida Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha so‘nggi tashabbuslar ko‘rib chiqilgan. Ushbu telefon muloqoti Fidanning 29 may kuni Kiyevga amalga oshiradigan ikki kunlik rasmiy tashrifi arafasida bo‘lib o‘tdi. Tashrif doirasida u Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish masalalarini muhokama qilishni rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, 26–27 may kunlari Fidan Moskvaga amaliy tashrif bilan borib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy va tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvlar o‘tkazgan edi. Ushbu muzokaralarda Turkiyaning Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga ko‘maklashishga tayyor ekani tasdiqlangan.
Shuningdek, Lavrov Rossiya delegasiyasi 2 iyun kuni Istanbulda Ukraina tomoniga mojaroning barcha asosiy jihatlarini qamrab olgan Rossiya memorandumini taqdim etishga tayyor ekanini ma’lum qilgan edi.