Latviya Milliy qurolli kuchlari 17 mayga o‘tar kechasi mamlakat havo hududiga noma’lum dron kirganini va biroz vaqtdan so‘ng Latviya osmonini tark etganini ma’lum qildi.
Bu haqda Delfi nashri yozmoqda.
Mamlakatning sharqiy chegaradosh hududlari aholisi uchun xavf signali e’lon qilindi va u qariyb ikki soat davom etdi. Nazorat uchun NATO'ning Boltiqbo‘yi davlatlari havo hududini patrul qilish missiyasi qiruvchi samolyotlari havoga ko‘tarildi.
Harbiylar dronning qayerdan uchib kelgani va qaysi davlatga tegishli ekanligiga aniqlik kiritmadi. Xorijiy dronlar Latviya havo hududiga vaqti-vaqti bilan, jumladan, Rossiya tomonidan ham kirib turadi, ayni paytda ularning bir qismi Ukrainaniki bo‘lib chiqqan.
O‘tgan haftada Latviya Bosh vaziri Evika Silinya 7 maydagi dronlar bilan bog‘liq hodisa sababli yuzaga kelgan hukumat inqirozi oqibatida iste’foga chiqqan edi, shundan so‘ng mamlakat Mudofaa vaziri ham lavozimini tark etdi.