Bugun 8 may, 2024 yil, chorshanba

КИР

Kuyovlari bilan mashhur bo‘lgan ayol kimligini bilasizmi?

Kuyovlari bilan mashhur bo‘lgan ayol kimligini bilasizmi?

Tarixda o‘tgan shunday ayollar borki, ularning ba’zilari erlari bilan, ba’zilari farzandlari bilan va yana boshqalari otalari bilan mashhur bo‘lishgan. Ammo siz hech kuyovlari bilan mashhur bo‘lgan ayol haqida eshitganmisiz?! Ushbu maqola aynan kuyovlari bilan sharaflangan ayol - Hind bintu Avf haqidadir.

Makkalik sahobiya Hind bintu Avf ibn Zuhayr bir necha bor turmush qurgan edi. U Horis ibn Hazandan Luboba Kubro, Osma, Azza, Luboba Sug‘ro va Barra (Maymuna onamiz)larni,  Umays ibn Ma’ddan Asmo, Salma va Salamalarni, Xuzayma ibn Horisdan esa Zaynabni dunyoga keltirgan. Hind bintu Avfning Xuzayma ismli eridan dunyoga kelgan qizi Zaynab bintu Xuzayma roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga turmushga chiqqan edilar. Shu tariqa Hind bintu Avf Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qaynona bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lgan edi.

Ammo hijriy 3-yili Zaynab bintu Xuzayma onamiz vafot etdilar. Oradan 3-4-yil o‘tib, hijriy 7-yilda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hind bintu Avfning Horis ibn Hazandan bo‘lgan yana bir qizi - Maymuna bintu Horis roziyallohu anhoga uylanadilar. Natijada Hind bintu Avf Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ikki marta qaynona bo‘lgan tarixdagi yagona ayol kishiga aylandi.

Bundan tashqari Hind bintu Avf Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ikki amakilari - Abbos va Hamzalarning ham qaynonasi bo‘ladi: Abbos roziyallohu anhu Hindning Horisdan bo‘lgan qizi Luboba Kubro bintu Horisga uylanganlar va undan Fazl ismli farzandni ko‘rganlar. Hamza roziyallohu anhu esa Hindning Umays ibn Ma’ddan bo‘lgan qizi Salma bintu Umaysga uylanganlar.

Bu hali hammasi emas. Hind bintu Avfning qolgan qizlari ham obro‘li kishilarga xotin bo‘lishgan:

Luboba Sug‘ro bintu Horis Qurayshning sayyidlaridan bo‘lgan Valid ibn Mug‘iyraga turmushga chiqdi va undan “Sayfulloh“ (Allohning qilichi) laqabini olgan Xolid ibn Validni dunyoga keltirdi.

Hindning yana bir qizi Asmo bintu Umays esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakivachchalari, “Zul janohayn“ (ikki qanot egasi) nomi bilan mashhur bo‘lgan sahoba Ja’far ibn Abu Tolibga turmushga chiqadi. Eri bilan birgalikda “Dorul Arqam“da hali yashirin da’vat boshlanmasdan ilgari Islomga kirishadi. Mu’ta jangida Ja’far ibn Abu Tolib shahid bo‘lganlaridan so‘ng bir necha yil o‘tib Asmo bintu Umays Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga turmushga chiqadilar. Abu Bakr Siddiq vafotidan keyin esa Asmoni Ali ibn Abu Tolib o‘z nikohlariga oladilar. Asmo bintu Umays Ja’far ibn Abu Tolibdan Abdulloh, Abu Bakr Siddiqdan Muhammad, Ali ibn Abu Tolibdan Yahyo va Avn ismli farzandlarni dunyoga keltirganlar.

E’tibor bering-a, Hind bintu Avf kimlarga qaynona bo‘ldi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, Abbos ibn Abdulmuttalib, Hamza ibn Abdulmuttalib, Ja’far ibn Abu Tolib, Abu Bakr Siddiq, Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhum ajma’iyn.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ikki marotaba qaynona bo‘lganining o‘zi Hind bintu Avf roziyallohu anhoning dunyodagi eng baxtli qaynona ekanligiga kifoya qiladi!

Manba: islom.uz

Kiritildi: 12:31 15.08.2019. O'qildi: 6397 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!