Mustaqil kurd davlatini yaratish uchun Turkiyaga qarshi 40 yildan ortiq qurolli kurash olib borgan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) tarqatib yuborilganini e’lon qildi. Bu qaror partiyaning may oyi boshida bo‘lib o‘tgan 12-qurultoyi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan, deb yozdi Reuters.
Maqsadlarini Turkiyadagi kurdlarning milliy huquqlari uchun kurash va kurd davlatini barpo etish deb e’lon qilgan Kurdiston ishchilar partiyasi 1974 yil noyabrda tashkil topgan. 1984 yildan beri Turkiya hukumatiga qarshi qurolli kurash olib borayotgan edi. 40 yil ichidagi qurolli mojarolar davomida 40 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi.
KIP Turkiya, AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan.