Bugun 8 iyun, 2026 yil, dushanba

КИР

Ko‘pchilik, ammo konstitusiyaviy emas

Ko‘pchilik, ammo konstitusiyaviy emas

Armanistondagi parlament saylovlari yakunlariga ko‘ra, Bosh vazir Nikol Pashinyan hokimiyatni saqlab qoldi. Biroq uning «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi parlamentdagi konstitusiyaviy ko‘pchilikni yo‘qotib, oddiy ko‘pchilik bilan cheklanishga majbur bo‘ldi. Bu esa uning siyosiy imkoniyatlarini sezilarli darajada qisqartiradi.

Shu bilan birga, muxolifat qonun chiqaruvchi organdagi vakilligini kengaytirishga muvaffaq bo‘ldi. Bunda tadbirkor Samvel Karapetyan rahbarlik qilayotgan «Kuchli Armaniston» bloki muhim rol o‘ynadi. Uning siyosiy birlashmasi amalda an’anaviy muxolifatning asosiy o‘rnini egalladi.

Saylov uchastkalari 7 iyun kuni kechqurun yopildi va shundan so‘ng ovozlarni sanash boshlandi. 8 iyun tongiga kelib, byulletenlarning barchasi qayta ishlangach, Markaziy saylov komissiyasi quyidagi dastlabki natijalarni e’lon qildi:

  • «Fuqarolik shartnomasi» — 49,8 foiz;
  • «Kuchli Armaniston» — 23,3 foiz;
  • «Armaniston» blogi — 9,9 foiz.

Avvalgi prognozlarga qaramasdan, Garik Sarukyan boshchiligidagi «Gullab-yashnayotgan Armaniston» partiyasi parlamentga kira olmadi.

Siyosatshunoslar ta’kidlashicha, bu saylovlar Tog‘li Qorabog‘ to‘liq yo‘qotilganidan keyingi birinchi umummilliy ovoz berish bo‘lib, jamiyatdagi chuqur siyosiy bo‘linishni namoyon qildi. Yuqori qatnashuv ko‘rsatkichi muxolifatning natijalarini yaxshilashga yordam berdi.

Pashinyan saylovdan keyin raqiblariga nisbatan keskin munosabat bildirdi va ularni «uch boshli urush partiyasi» deb atadi. Uning fikricha, muxolifat hokimiyatga kelsa, mamlakatni yana Ozarbayjon bilan mojaroga tortishi mumkin.

Biroq yangi siyosiy sharoitda hukumatning rejalarini amalga oshirishi ancha qiyinlashadi. Xususan, Boku talab qilayotgan konstitusiyaviy o‘zgarishlar, xalqaro shartnomalarni tasdiqlash va yuqori lavozimlarga tayinlovlar uchun parlamentda kengroq qo‘llab-quvvatlash zarur bo‘ladi.

Shu bilan birga, Rossiya rasmiylari saylov jarayonida qonunbuzarliklar bo‘lgani haqidagi xabarlarga e’tibor qaratmoqda. Kreml hozircha Pashinyanni rasman tabriklamagan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakillari muxolifatga bosim o‘tkazilgani va G‘arbning aralashuvi haqida da’volar bildirishgan.

Armaniston Ichki ishlar vazirligi esa ovoz berish jarayonida 600 ga yaqin qoidabuzarlik qayd etilganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, MDH kuzatuvchilari missiyasi saylovlarda jiddiy qonunbuzarliklar aniqlanmaganini bildirdi.

Pashinyanni g‘alaba bilan birinchi bo‘lib qator Yevropa davlatlari rahbarlari, shuningdek Vladimir Zelenskiy va Qosim-Jomart Toqayev tabrikladi. Ursula fon der Lyayen o‘z tabrigida demokratik Armaniston bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Kiritildi: Bugun 20:46. O'qildi: 239 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!