Bugun 28 noyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Ko‘chada yurish odobi

A A A
Ko‘chada yurish odobi

Agar biror yumush yuzasidan uydan ko‘chaga chiqayotganda “Alloh nomi bilan Allohga tavakkal qildim, Undan boshqada kuch-qudrati yo‘q”, deb chiqilsa, uyga qaytguncha balo-ofatlardan omonda bo‘linadi.

Ko‘chada kamtarona, tezlashmay yoki sustlashmay ohista, to‘g‘ri yurish musulmonning odobidir.

Ko‘chada uyoq-buyoqqa anqayib, alanglab, taom yeb, pista chaqib, yalangoyoq yurish, tuflash, burun qoqish, iflos joylarni bosish odobimizga to‘g‘ri kelmaydi.

Yo‘lda yurganda odamlarga xalal beruvchi po‘choq, tosh, sim, shox-shabba kabi narsalarni bir chetga olib tashlash ham odobimizdan. Tupuk va balg‘am ko‘rilsa, usti tuproq bilan yopib o‘tiladi.

Ketayotganda yo‘l chetida o‘tirgan yoki qarshisidan chiqqan odamlarga salom berib o‘tiladi, salom berilsa alik olinadi.

Ota, ustozlar, ulug‘ kishilar bilan borayotganda ulardan bir-ikki qadam orqada, ijozat bersalar o‘ng yonlarida yuriladi. Ayollarning ham erlari yoki mahramlaridan biroz orqada yurishlari odobdandir.

Tanho yurishdan or qilinmaydi, ammo biron kishining orqasidan yurishga ham odat qilinmaydi.

Odamlarga xalaqit berib yo‘l ustida suhbatlashish, ovozning boricha chaqirish yoki sharaqlab kulish mumkin emas. Ko‘chada ketayotgan nochor, mayib-majruh, keksa kishilarga yordamlashish, yuklarini ko‘tarib yoki o‘zlarini qo‘ltiqlab olish, ko‘zi ojizlar, qariyalar yosh bolalarni ariqdan, katta yo‘ldan o‘tkazib qo‘yish ham Islom odobiga kiradi.

Ko‘chada yarim yalang‘och yoki xunuk, kir kiyimlarda yurish ham tarbiyasizlik alomatidandir.

Agar tanish yoki izlab yurgan odamingiz bilan uchrashib qolinsa yo‘ldan bir chetga chiqib so‘zlashiladi yoki salomlashib tez o‘tish bilan kifoyalaniladi.

Ko‘chada shoshilib, qadamni katta tashlab, odamlarni turtib-surtib yurish yaxshi emas. Faqat jamoat namoziga kechikilayotgandagina shoshilishga ruxsat beriladi.

Bozor, masjid kabi jamoat joylarida, gavjum joy va ko‘chalarda boshqalarga aziyat yetkazmay ohista, ehtiyotkorlik bilan, birovning oyog‘ini bosib olishdan qo‘rqib yuriladi. Yo‘lda ketayotganda o‘zgalarning ochiq eshiklaridan ichkariga qaramaslik, yumushi bo‘lmasa birovning uyi oldida turmaslik kerak. Ko‘chada, yo‘l yoqasida behuda turish yoki o‘tirish matlub emas. Zarurat tufayli bularga majbur bo‘lib qolinsa, ko‘chaning haqqini ado etish, ya’ni ko‘zlarni hech kimga qaratmaslik, birovlarga aziyat bermaslik, salomga alik olish, amri ma’ruf (yaxshi ishlarga buyurish) va nahiy munkar (yomon ishlardan qaytarish) bilan mashg‘ul bo‘lish kerak.

Internet sarhadlaridan

Kiritildi: 11:50 21.09.2018. O'qildi: 31993 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik