Bugun 7 aprel, 2026 yil, seshanba

КИР

Koinot va inson haqida risola

A A A
Koinot va inson haqida risola

Buyuk olim shayx ul-islom Abu Ya’qub Yusuf ibn Ayyub al-Hamadoniy shunday dedilar: Ojiz va muhtojliklarini ko‘rsatish uchun maxluqotini yaratgan, hech narsaga hojati bo‘lmagan holda, hamma narsani bir-biriga bog‘liq va o‘ziga muhtoj qilib qo‘ygan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin!

Oyati karimada buyuriladiki:

 «U o‘z tomonidan (ya’ni O‘z xohish-irodasi bilan) sizlarga osmonlardagi va yerdagi barcha narsalarni bo‘yinsundirdi» (Josiya surasi, 13-oyat). Bu yerdagi «sizlarga» kalimasi bilan Odam farzandi nazarda tutilgan. Oyatning ma’nosi bunday: «Bu olamdagi hamma narsani sizlar uchun yaratdim. Chunki sizlar ojizliklaringiz uchun dunyodagi narsalarga muhtojsizlar. Sizlar va sizlardan tashqari boshqa maxluqotlarni ham xuddi shu tarzda Men yaratdim. Sizlar koinotning hukmdori va sayyid-xojalarisiz. Chunki koinot sizning tasarrufingiz ostida, sizga xizmat uchun muhayyo qilingan. Lekin boshqa bir jihatdan esa sizlar koinotning qullarisiz. Chunki koi­notga muhtojsizlar. Holbuki, Men hech narsaga muh­toj bo‘lmaganim bois sizdan va sizlar uchun yarat­ganim barcha borliqlardan us­tunman».

Darhaqiqat, koinot (borliq) ojizdir, chunki u sizning xizmatingizga topshirilgan. Siz ham ojiz va hojatmandsiz. Foydayu manfaatga, yaroqli narsalarga muhtoj bo‘lganingiz uchun dunyo sizlarga bo‘ysundirildi. Koinotning qadr-qimmati va ustunligi ochiq-oydin ma’lum. Ze­ro, u siz uchun foydalidir. Sizning koinotdagi ustunligingiz ham ochiq-oydin ravshan. Chunki uning foydali va zavqli jihatlari­dan foyda­lanishingiz mumkin. Shu bois koinot bir tomondan ojiz bo‘lsa, bir tomondan sayyid-xojadir. Siz ham bir jihatdan borliqni boshqaruvchisiz, ikkinchi jihatdan esa ojizu muhtojsiz. Koi­notning ojizligi senga muhtoj bo‘lgani sabablidir. Ustunligi esa sening koinot va uning xizmati tufayli hayot kechira olishingdir. Sening ojizliging – koinotsiz yashay olmasligingdir. Xoja-sayyidliging esa rohatlanish uchun ko‘zlaring bilan dunyodan foydalanmog‘ing, lazzatlanmoq uchun qulog‘ing, maza totmoq uchun og‘zing, huzurlanmoq uchun burning, xullas, hayotingni davom ettirmoq uchun barcha a’zolaring bilan dunyo va koinotdan foydalanishingdir.

Koinot ko‘rinishda sening farmoningga muntazir. Sen esa ma’nan koinotning amriga bo‘yinsunasan. Chunki koinot bir taomdir. Sen uni yeb, o‘zingda hazm qilasan. Koinot ichimlikdir. Uni ichib tugatasan. Koinot kiyimdir. Sen uni kiyib eskirtirasan. Koinot maskan-uydir. Sen unda yashaysan. Uni ba’zan ta’mirlaysan, ba’zan buzasan, ba’zan qulatasan.

Koinot issiqliq va sovuqlikdir. Ehtiyojing­ga qarab bu ikkovidan foydalanasan. Issiq­lik istaganing miqdorda bo‘lsa, undan tamoman foy­dalanasan. Shuningdek, hojatga yarasha sovuqlikdan ham tamoman foydalanasan. Ammo bu ikkisi ehtiyojingdan ortiq bo‘lib, senga foyda­li va lazzatli bo‘lmasa, ulardan hojating, lazzating va manfaating darajasida olib, qolganini tark etasan.

Koinot nur va olovdir. Ulardan ham ehtiyojing doirasida qo‘llanasan. Agar ikkisi hojatdan ortiq bo‘lsa, hojatdan ziyodasini tashlaysan, hojatga yarashasini olasan. Ehtiyojdan ortig‘ini olmaysan.

Koinot suv va tuproqdir. Ular ikkalasi sen istagan hojating miqdorida va maqsading had­diga muvofiq bo‘lsa foydalidir. Agar ular naf yetkazish darajasidan ziyoda bo‘lsa, uning ham ortig‘ini tark etasan.

Koinot havo va shamoldir. Bulardan hoja­ting doirasida ishlatsang, senga foydalidir. Le­kin hojatdan ortib ketsa, seni o‘ldiradi, mahv eta­di, halok qiladi. Sen ulardan tasarrufing doi­rasida foydalanib, yashashing va hayotingni da­vom ettirish uchun ishlatasan, hojatingdan or­tig‘ini esa tark etasan.

Koinot oila qurish va nikohlanishdir. Agar sen ehtiyojing andozasida foydalansang, sen uchun manfaatli, zavqli va lazzatlidir. Biroq bu ishda haddan oshsang, badaning, qalbing va aqlingga ziyon yetadi. Sen hojatingga yarasha bu foy­da­lardan istifoda etishga haqlisan, hoja­tingdan ziyodasini tark etasan.

Koinot insonlar bilan birga bo‘lish, xalq bilan aralashishdir. Foydali bo‘ladigan miqdor­dan oshmasa, bu ish yaroqli va muvofiq bo‘ladi. Lekin foydali bo‘ladigan miqdordan oshsa, badanni eritib, qalbni kuydiradi. Sen tasarrufing ostidagilarga hokimliging bilan xalqqa ara­lashishning o‘lchovini anglay oladigan kuchga egasan. Manfaatlisini olib, zararlisini tark etasan.

Koinot uyqu va uyg‘oqlikdir. Bular badanning rivojiga va inson tabiatining yangila­nishi tozalanishiga muvofiq miqdorda bo‘lsa, sen uchun foydalidir. Rivojlanish va tozala­nish miqdoridan oshgan taqdirda, badaning va ta­biatingga zarar yetkazadilar. Holbuki, sen ular ustidan hukmronsan. Sening vazifang bu ik­ki­si­dan rivojlanishing va kuchayishing uchun ke­rakli miqdorda foydalanishingdir. Badaningga za­rar yetkazuvchi va jismingni xarob etuvchi ziyodasini esa tark etishingdir.

Koinot yeyish, ichish, eshitish, hidlash, so‘z, ish, harakat va to‘xtashdir. Bular ehtiyoj dara­ja­sida hamda inson tabiati va xilqati ko‘tara ola­digan miqdorda bo‘lsa, foydali va lazzatli­dir. Biroq ehtiyojdan va inson tabiati ko‘tara oladigan miqdordan oshib ketsa, badanga, aqlga va fahmga zararlidir. Holbuki, ular sening xizmatingdalar va sen ularga hokimsan. Badaningga nisbatan shafqatli bo‘lishing kerak. Bulardan hayotingning davom etishi va badaningning rivojlanishi uchun hojating qadar hamda tabiating quvvatiga ko‘­ra foydalanishing kerak. Naf­singga, badaningga, tabiatingta ortiqchalik qiladiganlaridan va haddan oshishdan o‘zingni yiroq tut! Shunda holing va vujudingning bar­davomligini ta’minlagan bo‘lasan.

Koinot tafakkur va botiniy ishlarda mulohaza yuritishdir. Zohiriy masalalarda teran nazar tashlashdir. Bu ham insonning quvvati va tabiati ko‘taradigan darajada bo‘lsa, eng foydali, muvofiq, lazzatli va boqiyroqdir. Ammo bu teran tushuncha inson tuzilishining chegarasidan tajovuz qilsa (haddidan oshsa) va tabiatining toqati miqdoridan oshib ketsa, insonning sezgirligini va hushyorligini mahv etadi, aqlu idrokini barbod qiladi. Holbuki, sen tasarrufingda bo‘lgan bu narsalar ustidan hukmronsan. Aslida sen amal qilishing kerak bo‘lgan yo‘l – ularning miqdor va darajasining salohiyati haqida mulohaza yuritishing kerak, undan zaruriy va foydali bo‘ladigan miqdorini belgilab, qabul qilib, zarar ko‘rsatuvchi va halok etuvchi ortiqchasini tashlashing kerak.

Koinot iroda va istakdir. Chunki undan senga foydalar bor. Ziyraklik, hushyorlik toqati miqdorida uni tasarruf etsang va tabiat, xil­qat bahramand bo‘ladigan darajada idora et­sang, ular yaratilishing va tabiating toqati yetadi­gan me’­yorda bo‘lsa, foydalari benihoyadir. Bi­roq sabru toqat chegarasidan tajovuz qilsa (chiqsa), insonni tamoman halok etadi va kattayu kichik barcha narsalarni yo‘q qiladi. Holbuki, sen xizmating­dagi bu narsalarni boshqaruvchisan. Bu ishning chorasi va yo‘li muvonazatni saq­lash, o‘lchov doi­rasida harakat qilish, haddan osh­maslikdir. Bu holatda yashashing, borlig‘ingni davom ettirishing va barqarorligingni saqlashing, boqiy va davom etishing uchun foydalisini olib, zararlisini tark etasan. Natijada sen yashaysan. Shunda tasarrufing ostida bo‘lgan narsalar sendan hukmdor va Parvardigorlariga shikoyat qilmaydilar.

Hamd olamlar Rabbi bo‘lgan Allohga xosdir. Payg‘ambarlarning eng xayrlisi hamda sayyidi hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom)ga va uning pokiza yaqinlariga salotu salomlar bo‘lsin!

Manba: hidoyat. uz

Kiritildi: 06:30 06.02.2020. O'qildi: 6123 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!