Bugun 1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Kinematografiya agentligi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi hamkorligida «Yangi O‘zbekistonning baxtli bolalari» shiori ostida tadbir o‘tkazildi.
Respublika bo‘ylab yosh tomoshabinlar uchun Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan yaratilgan 10 dan ortiq filmlarning bepul namoyishlari tashkil etildi. Jumladan, “Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” turkumi ostida yaratilgan «To‘maris» milliy animasion filmi, «Parining sovg‘asi», «Quyosh ta’mi» ertak filmlarining katta premyerasi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, 5 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan yosh tomoshabinlar auditoriyasi uchun “Avtosarguzashtlar” multseriali, “Sehrli hassa”, “Amir Temur”, “Dino va Zavr”, “Xasis baqqol” kabi multfilmlarning ham namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Bundan tashqari, kun davomida O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida bolalar uchun shou-konsert dasturlari, turli multfilm qahramonlari ishtirokida o‘yinlar, qiziqarli savol-javoblar o‘tkazildi. Shu bilan birga, bolajonlarni xursand qilish maqsadida kino saroy yozgi hovlisida turli attraksionlarning bir kunlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Kinosaroyga tashrif buyurgan bolalar va ularning ota-onalari animasion filmlar taqdimoti, shu bilan birga kun davomida ularga hamroh bo‘lgan multfilm qahramonlaridan mamnun ekanliklarini ta’kidlab, xursandchiliklari bilan o‘rtoqlashishdi.
Bugun asosiy premyerasi tashkil etilgan «To‘maris» milliy animasion filmi, «Parining sovg‘asi», «Quyosh ta’mi» ertak filmlari 1-2 iyun kunlari barcha davlat va nodavlat telekanallarida ham namoyish qilinadi.