Bugun 12 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

“Kelasi yildan avtobuslarda yo‘l haqi uchun naqd pul qabul qilinmaydi” — transport vaziri

“Kelasi yildan avtobuslarda yo‘l haqi uchun naqd pul qabul qilinmaydi” — transport vaziri

O‘zbekistonda avtobuslarda yo‘l haqi uchun naqd puldan voz kechilib, to‘liq elektron to‘lov tizimiga o‘tiladi.

Toshkent shahrida “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” davom etmoqda. Tadbirlarning 18 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida Ilhom Mahkamov chiqish qilib, transport sohasida bajarilayotgan ishlar haqida gapirdi.

Muloqot yakunida vazir jurnalistlarga intervyu berdi. Ilhom Mahkamovning aytishicha, O‘zbekistonda avtobuslarda 2025 yil 1 yanvardan yo‘l haqi uchun naqd pul qabul qilishdan voz kechiladi.

“Bekatlarga naqd pulga bilet yoki QR-kod sotib olish imkoniyati yaratiladi. Aksariyat bekatlarga infokiosklar o‘rnatiladi. Hozir bu tajriba Toshkent shahrida sinovdan o‘tkazilyapti. Barcha avtobuslarga shu QR-kodlarni o‘qiy oladigan devayslar o‘rnatiladi. Ular o‘rnatilgach, tabiiyki konduktorlar ishlamaydi. Sababi naqd pulni yig‘ish ehtiyoji qolmaydi”, dedi vazir.

Shu bilan birga, vazirlik rahbari yangi bruto shartnoma tizimi haqida ham qisqacha gapirdi.

“Bu tizimda jamoat transporti xizmatini ko‘rsatadigan operatorlarga pul to‘lovi yo‘lovchilarni o‘z vaqtida manziliga yetkazib qo‘ygani uchun amalga oshiriladi”, dedi Ilhom Mahkamov.

Transport vazirligining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, yaqin istiqbolda 1 294 ta avtobus sotib olish rejalashtirilgan bo‘lib, asosiy e’tibor Toshkent va Samarqand shaharlarida elektrobuslar harakatiga qaratiladi. 2030 yilgacha avtobuslar sonini 5 000 taga, elektrobuslar sonini 2 000 taga yetkazish maqsad qilingan. Shaharlar va tumanlar jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olinishini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, jamoat transporti tizimlarini avtomatlashtirish, hududlarda avtomatlashtirilgan dispetcherlik nazorati va monitoringini joriy etish hamda yirik shaharlarda jamoat transporti uchun maxsus yo‘l bo‘laklarini yaratish ustida ish olib borilmoqda.

Kiritildi: 10:30 19.10.2024. O'qildi: 1037 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!