Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Karimovning Erdog‘an bilan munosabatlari yaxshi emasdi, ammo u...

Karimovning Erdog‘an bilan munosabatlari yaxshi emasdi, ammo u...

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyib Erdog‘an ertaga 67 yoshga to‘ladi.

U salkam 20 yillik boshqaruvi davrida nafaqat o‘z davlati va Kichik Osiyoda, balki butun Yaqin Sharq, Afrika, Yevropa va Osiyodagi ko‘zga ko‘ringan siyosatchi bo‘la oldi. Uning rahbarligida Turkiya ham qudratli davlatga aylandi.

U Mustafo Kamol Otaturkdan (1881-1938) keyin mamlakatning eng ta’sirli davlat va jamoat arbobiga aylangani ham inkor qilib bo‘lmas haqiqatdir. Otaturk Turkiyani G‘arb davlatlari bilan yaqinlashtirishga va dunyoviy davlat qurishga intilgan bo‘lsa, Erdog‘an butun islom olamida yetakchilikka intilmoqda.

U mamlakatda ichki terrorizmni kuchaytirib yuborgan kurdlarga qarshi qaqshatkich zarba berdi va ularga kuch vositasida yetarlicha bosim o‘tkaza oldi.

Suriya hududidagi manfaatlari to‘qnashuvi sababli avvaliga Rossiya bilan jiddiy ziddiyatga borgan bo‘lsa, keyinchalik umumiy til topishning uddasidan ham chiqdi va bu yerda o‘z manfaatini to‘liq himoya qila olmoqda.

Iroq borasida AQSh bilan anchayin qarama-qarshilikka ega bo‘lsa-da, oxir-oqibat mustaqil harakat qila oldi. Iroqning chegaralarini yorib o‘tib, bu yerdagi kurdlarga qarshi qaqshatqich zarba berdi. Bu ikki davlat bilan chegarada “himoya to‘sig‘i”ni yaratdi.

Shimoliy Afrikadagi anchayin beqaror davlatga aylangan Liviya ishlarida faol qatnashmoqda. U yerdagi kurashayotgan tomonlar Turkiyaning kuchi va qudratini his qilib turibdi. 2019 yil bahorida general Xalifa Xaftar Liviya milliy armiyasi ko‘magida Tripoliga kuchli hujum qilib, amaldagi hukumatni ag‘darishiga yaqin qolganida Turkiya rasmiy Tripoliga bergan real ko‘magi va harbiy madadi sababli Xaftarning katta rejasi amalga oshmay qoldi.

Turkiy Kengash deb ataluvchi tashkilot faoliyatini O‘zbekiston kabi Markaziy Osiyodagi muhim davlat bilan kengaytirishga muvaffaq bo‘ldi. Vaholanki, Birinchi Prezident Islom Karimov davrida siyosiy munosabatlar nihoyatda sovuqlashgan, oliy darajadagi o‘zaro bordi-keldilar to‘xtab qolgan, yirik turk tadbirkorlari turli sabablar bilan bozorlarimizdan haydab chiqarilgan edi. Turkiya deganda Karimov har qanday munosabatlarni mutlaqo inkor etar, masofa saqlash siyosatini olib borar edi.

Afrika qit’asi mamlakatlariga nisbatan ham faol investisiya siyosati bilan kirib bormoqda, o‘zining zamonaviy harbiy qurol-aslahalarini katta miqdorda sotyapti. Bu yerda ta’siri va o‘z so‘ziga ega bo‘lmoqda. Erdog‘an butun jahonni Turkiya mintaqaviy qudratli kuch markazi ekanligiga qat’iy ishontira oldi.

Istanbul kabi yirik shaharlar timsolida Osiyo, Afrika, Yevropa va Amerikani bir-biri bilan bog‘lovchi yirik xab yaratdi.

Erdog‘an boshqaruvi yillarida Turkiya jahonning eng rivojlangan 20 ta davlati qatoriga kirdi va kelgusida kuchli 10 talikka kirish niyatida. Kosmosni tadqiq etish borasida ham yetakchilar qatoriga kirmoqchi.

Yalpi ichki mahsuloti 2005 yilda 501 milliard dollar bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yili 754 milliardga yetdi va Jahon banki ro‘yxatida 19-o‘rinda bormoqda.

Kamol Otaturk davridan qolgan dunyoviylik tamoyillarini bugun o‘zgartirmoqda. Mamlakatda harbiylarning ustun mavqeini pasaytirishga va ularning an’anaviy ravishda siyosatchilarga bosim o‘tkazish, kerak bo‘lsa, to‘ntarish uyushtirish salohiyatini pasaytirishga erisha oldi.

Ozarbayjonga turk harbiylari kirib keldi

O‘tgan yili 9 noyabrda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Prezidenti Nikol Pashinyan o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘da urushi yakunlangani haqida qo‘shma bayonot berildi. Uning bir qismiga Rossiya tinchlikparvar kuchlari kiritilgan edi.

Lekin urushning ko‘zga ko‘rinmagan qahramoni va g‘olibi, hech shubhasiz, Turkiya bo‘ldi. U hech ikkilanib o‘tirmay, Tog‘li Qorabog‘ masalasida o‘zining qardoshi va ittifoqchisi Ozarbayjonni faol qo‘llab-quvvatladi. Ozar armiyasini eng zamonaviy qurol-aslaha bilan ta’minladi. Qolaversa, azaliy raqibi Armanistondan o‘ch olishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada bahsli hudud rasmiy Boku tomonidan tortib olindi.

Rossiya yetakchisi Putin bilan birgalikda Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlar tugashi bilan Bokuning mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash uchun platforma yaratish g‘oyasiga qo‘shildi va o‘z harbiylarini Ozarbayjon hududiga yo‘lladi.

Azaldan Rossiyaning geosiyosiy ta’sir doirasi, deb qarab kelingan Kavkaz mintaqasiga shiddat bilan suqilib kirmoqda va ustun mavqeiga ega bo‘lishga intilmoqda. Bu bilan cheklanmasdan Kaspiy dengizi va O‘rta Osiyo mintaqalariga ham ta’siri kuchayib borayotgani rasmiy Moskvani tashvishga solmay qo‘ymaydi.

U Qrimni ham Rossiya bosib olgan deb hisoblaydi va Ukraina rahbariyati bilan uni qaytarish borasida jiddiy harakat qilinayotganini yashirmaydi.

Shu bilan birga, Turkiya NATOdagi yagona musulmon davlat bo‘lib, u bilan aloqalarni buzmagan holda Rossiya bilan strategik hamkorlikni olib bormoqda.

612 ming kishilik armiya bilan NATOda AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi. Bunga zaxiradagilar qo‘shilmagan. 2025 yilga borib o‘z qurol-yarog‘ eksportini 25,5 milliard dollarga yetkazishni reja qilgani ham uning harbiy salohiyatidan dalolat beradi. Harbiy maqsadlardagi uchuvchisiz dronlar sohasida amalda jahonda yetakchilardan biriga aylangan.

“Ikki xalq ikki davlat”

Kipr masalasi Turkiyani ko‘p yillardan beri qiynab keladigan jiddiy muammodir.

O‘tgan yili 15 noyabrda Erdog‘anning Kiprning turk qismiga, xususan Varosha shahriga tashrifi nafaqat Kipr Respublikasi va Gresiyada, balki Yevropa, BMT va Amerika siyosatchilarida jiddiy e’tiroz uyg‘otgan edi. Chunki Shimoliy Kipr Turk Respublikasini faqat rasmiy Anqara tan olgan. Tashrif tan olinmagan bu mamlakat mustaqilligining 37 yilligi arafasiga to‘g‘ri keldi.

1974 yilga qadar eng mashhur kurort hududi bo‘lgan bu shaharga 1984 yildagi BMT Xavfsizlik kengashi №550 rezolyusiyasiga ko‘ra, uning aholisi bo‘lmagan shaxslarning kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Vaholanki, o‘tgan yili sentyabr oyida bu kurort shahar xorijiy sayyohlarga yana ochilgan edi. Bu bilan Erdog‘an kerak bo‘lsa Xavfsizlik kengashi bilan ham hisoblashib o‘tirmasligini bildirib qo‘ydi.

Kipr inqirozini ikki davlat tuzish asosida hal qilish vaqti keldi. Kiprda ikki turli xalq va ikki alohida davlat bor. Ikki davlat haqidagi qaror suveren tenglik asosida muhokama qilinishi zarur. Kiprlik turklar bu vaziyatning asosiy jabrdiydalaridir”, dedi Turkiya prezident bu yerdagi nutqida.

Kipr tashqi ishlar vazirligi Erdog‘an rahbarligida 2023 Turkiya Respublikasi e’lon qilinganining 100 yilligi munosabati bilan Kiprning shimoliy qismini o‘ziga qo‘shib olishi mumkin, degan xavotirni bildirdi.

Oktyabrda saylangan bu Kiprning turklar qismi prezidenti Ersin Tatar orolda ikki davlat tuzilishi tarafdoridir. Vaholanki, undan avvalgi rahbar ikki millat bo‘lsa-da, umumiy yagona davlat ostida birlashish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlar edi.

Kiprning maqomi aniq emasligi, uning atrofidagi dengizda katta miqdordagi neft va gaz konlari aniqlangani, rasmiy Anqaraning orolda o‘zining huquqiy maqomini qanday qilib bo‘lsa-da mustahkamlab qolishga intilishiga sabab bo‘lmoqda.

Boz ustiga Gresiya bilan urush holatidagi qarama-qarshilik saqlanib kelayapti.

Makron kerakli javobini olgan

Erdag‘on Yevropaning ayrim davlatlarida islomga qarshi harakatlar, ba’zi nomatlub shaxslarning payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v.ni asossiz va ig‘vogarona tanqid qilishi ortidan o‘sib borayotgan ziddiyatlarni qoraladi. Ayniqsa, Fransiya yetakchisining bu boradagi bahslarga sabab bo‘lgan fikrlariga ham munosib javob qaytardi.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning “ma’rifiy islom” g‘oyasi bo‘yicha bildirgan fikriga javoban uni “o‘z ruhiyatini davolash”ga chaqirgan edi. Shu bilan birga u o‘z fuqarolarini fransuz mahsulotlarini xarid qilmaslikka undadi.

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian ma’lum qilishicha, “Parij va Anqara o‘rtasida muhokama qilinadigan ko‘plab tushunmovchiliklar bor. Biroq Turkiya Prezidentining haqoratli fikrlari muloqotga imkon bermaydi”.

Turkiya yetakchisi Yevropada yashovchi 6 million turklar va millionlab musulmonlar manfaatlarini himoya qilishini bildiradi.

Mustafo Kamol Otaturk 1935 yil muzey maqomini bergan “Ayo Sofiya”ni o‘tgan yil o‘rtalarida Erdog‘an qayta masjidga aylantirib islom olamida o‘zining obro‘yini eng yuqori pog‘onaga ko‘tarib oldi.

Shu bilan birga...

Turkiya ikki yildan buyon chuqur iqtisodiy va moliyaviy inqiroz holatida yashamoqda. Milliy valyuta kursi tushib ketmoqda, byudjet taqchilligi kuchaymoqda. Ishsizlik ko‘rsatkichi baland. Pandemiya oqibatida murakkab vaziyat chuqurlashib bormoqda.

Iqtisodiyot uchun eng daromadli va muhim yo‘nalish bo‘lgan sayyohlik tarmog‘i ham o‘rnatilgan cheklovlardan katta zarar ko‘rgan. Oxirgi bir yilda 2,5 million kishi ishsiz qoldi. Tashqi qarzi 450 milliard dollarga o‘sdi.

Bu ham yetmaganiday avvalgi ayrim xatolar siyosatchiga qimmatga tushishi mumkin. 2016 yildagi harbiylarning davlat to‘ntarishidan keyin 80 ming kishi hibsga olindi, 160 ming davlat xizmatchisi ishdan haydaldi.

O‘zining siyosiy maslakdoshi, keyin esa ashaddiy raqibiga aylangan Fatxulla Gyullen tarafdorlarini taqib qilib, zug‘um o‘tkazish holatlari ham kuchaydi. So‘nggi yillarda hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasining reytingi ham mamlakatda keskin tushib ketgan.

Chunki Erdog‘an butun hokimiyatni yagona qo‘l ostida birlashtirishga intilmoqda. Shu maqsadda bir paytlar katta vakolatga ega bo‘lgan Bosh vazir institutini tugatdi, boshqaruv tizimini parlamentlikdan prezidentlik tizimiga muvaffaqiyatli o‘tkaza oldi.

Ammo, ko‘plab masalalar bo‘yicha AQSh va Yevropa davlatlari bilan munosabatlari buzildi.

Ko‘p yillar mamlakatga har tomonlama ta’sir ko‘rsatib kelgan rasmiy Vashingtonga o‘z o‘rni qayerda ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi va uning ichki ishlariga yaxshisi ko‘p ham burun tiqmaslik kerakligini uqtirmoqda. Shu kunlarda Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish orzusi deyarli amalga oshmasligi oydinlashgan. Shu sababli bu yo‘nalishga Erdog‘an asosiy e’tiborni qaratayotgani yo‘q.

Misr va boshqa yetakchi arab davlatlari bilan munosabatlari taranglashdi. Arablar kuchayib borayotgan Turkiya timsolida yangi Usmoniylar imperiyasi tiklanayotganini ko‘rishmoqda. Bundan hadiksirashyapti ham. Hattoki, ular jazo choralarini qo‘llashga doimo shaylik prinsipida ishlashmoqda.

Konstitusiyaga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, Erdog‘an 2023 yilda ham o‘z nomzodini Prezidentlikka qo‘yishi mumkin va uning g‘alaba qozonishiga hech kim shubha qilmayapti. Ammo ichkarida muxolif kuchlar ham tobora kuchayib bormoqda.

So‘nggi saylovlarda “Adolat va taraqqiyot partiyasi” saylovchilarning atigi 52 foiz ovozini olganini hisobga olsak, uning yangi saylovlarda resurslari va imkoniyatlari yetarmikan degan savol ochiq qolmoqda. Qolaversa, bu oydan boshlab norozi yoshlar universitetlarda o‘z siyosiy e’tirozlarini ham bildira boshladi.

Turkiyada joriy yilda «Iqtisodiy va demokratik islohotlar yili” deb e’lon qilingan va bu bo‘yicha asosiy ustuvor yo‘nalishlar Erdog‘an tomonidan keyingi oyda e’lon qilinishi bildirilgan.

Sherali OTABOYEV, jurnalist

Manba: rost24.uz

R.S. "Aniq.uz" jamoasi qardosh turk xalqi yetakchisini ertangi – 26 fevral tavallud ayyomi bilan samimiy qutlaydi, uzoq umr va sihat-salomatlik, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirishga qo‘shayotgan ishlari bardavom bo‘lishini tilaydi.

 

Kiritildi: 16:09 25.02.2021. O'qildi: 15206 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!