Karib havzasi va Afrika mamlakatlari Buyuk Britaniyadan mustamlakachilik davri uchun tovon puli talab qilmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.
"Tovon Karib dengizi havzasida joylashgan 15 ta davlatdan iborat CARICOM guruhi tomonidan talab etilmoqda. Afrika Ittifoqi mamlakatlari ham Londonga talablar qo‘ymoqda", deya xabar bermoqda nashr.
Ular XV-XIX asrlarda davom etgan va 12,5 milliondan ortiq qurbonlarga sabab bo‘lgan Afrikadagi qul savdosi uchun kompensasiya so‘ramoqda.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Samoada bo‘lib o‘tgan Britaniya Hamdo‘stligi davlatlari sammitida "o‘tmish uchun tovon puli to‘lash haqida juda uzoq va cheksiz muhokamalar o‘tkazishdan ko‘ra kelajakka qarashni" afzal ko‘rishini aytdi.