Bugun 6 fevral, 2026 yil, juma

КИР

Kappadokiya oshxona madaniyatining siri nimada?

Kappadokiya oshxona madaniyatining siri nimada?

MICHELIN qo‘llanmasining Turkiyadagi faoliyati 2022 yilda Istanbul 2023 tanlovi e’lon qilinishi bilan boshlandi. Keyinchalik u Izmir va Mug‘lani ham qamrab oldi. 2025 yilda Kappadokiyaning qo‘shilishi esa Turkiyaning boy va rang-barang gastronomik merosini xalqaro miqyosda namoyish etish yo‘lida navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Peri bajalari, qadimiy g‘or-uylari va ramziy issiq havo sharlari bilan dunyoga mashhur Kappadokiya 18 ta nufuzli restorani bilan MICHELIN qo‘llanmasidan munosib o‘rin egalladi.

Yangi MICHELIN yulduziga loyiq deb topilgan restoranlar, mahalliy mahsulotlardan samarali foydalanish, oshpazlarning Onado‘li oshxonasining asrlar davomida shakllangan taomlarini zamonaviy nigoh bilan qayta talqin etishi hamda barqarorlik tamoyillariga alohida e’tibor qaratilishi tufayli mazkur hudud qisqa fursatda Turkiyaning eng e’tiborga molik gastronomik yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Tuproq, an’ana va hunar uyg‘unligida shakllangan gastronomiya

Kappadokiya sarguzashtlarga boy manzil bo‘lishi bilan birga, o‘ziga xos oshxona madaniyati bilan ajralib turadi. Mahalliy taomlar asrlar davomida qo‘llanib kelinayotgan ta’riflar, an’anaviy ochiq olovda pishirish usullari, mintaqaning vulqon tuproqlarida yetishtirilgan organik mahsulotlar hamda yaqin atrofdagi uzumzorlardan olingan xushbo‘y uzumlar asosida tayyorlanadi. Bu borada MICHELIN qo‘llanmasi tanlovi hududning kuchli gastronomik salohiyatini yaqqol namoyon etmoqda.

Bu e’tirof faqat MICHELIN yulduzi va Green Star bilan cheklanmaydi. Kappadokiya, shuningdek, ayollar kooperativlari, oilaviy bizneslar hamda ko‘p asrlik mahalliy va hashamatli restoranlarni ham o‘z ichiga oladi. Ularning har biri hudud ruhini aks ettirgan o‘ziga xos hikoyaga ega bo‘lib, chinakam esda qolarli oshxona tajribalarini taqdim etadi.

Kappadokiyaning oshpazlik merosi

Kappadokiya nafaqat betakror manzaralari, balki mazali va sermahsul tabiiy boyliklari bilan ham e’tiborni tortadi. Mintaqa restoranlaridagi har bir taomda mahalliy ne’matlarning mo‘l-ko‘lligi va rang-barangligi yaqqol seziladi. Jumladan, o‘rik bilan nozik ta’m berilgan yahni hamda qovoq urug‘i bilan bezatilib, uy sharoitida tayyorlangan erishte (makaron turi) “fermadan dasturxongacha” tamoyiliga asoslangan nafis oshxona lazzatini aks ettiradi.

Kappadokiyaning oshxona madaniyati turk va Onado‘li an’analariga chuqur bog‘langan. Shu sababli bu hudud restoranlarida an’anaviy pishirish usullari asosida tayyorlanadigan taomlar mehmonlarni mintaqaning boy tarixiy merosi bo‘ylab betakror sayohatga chorlaydi. Ana shunday taomlar orasida testi kabobi (sopol idishda pishiriladigan kabob) o‘ziga xos noyob ta’mi bilan ko‘ngillardan joy olmoqda. An’anaga ko‘ra, u Avanos shahrida tayyorlangan sopol idishlarda pishiriladi va tandir pechida soatlab dimlanadi. Taomni tortish jarayoni esa tomoshabop marosimga aylanib, mehmonlar ko‘z o‘ngida sopol idish yorilib, ichidan issiqqina xushbo‘y taom tushadi.

Bu yerda, shuningdek, turshak va go‘shtdan tayyorlanadigan kayisi yahni, qiyma, yong‘oq va ziravorlar bilan to‘ldirilgan behi hamda sopol idishda oq loviya va yumshoq go‘shtdan pishiriladigan ag‘pakla kabi ta’mi og‘izda qoladigan taomlarni tatib ko‘rish mumkin. Ushbu nafis gastronomik qator injir yag‘laması (sariyog‘da pishirilgan anjir), qovoq shirinligi, dolaz (sariyog‘li halva) va Damat pahlava kabi betakror shirinliklar bilan yanada boyitiladi.

Nig‘de Mavisi va g‘orlarda yetiltirilgan Divle Obruk pishlog‘i kabi ramziy mahalliy lazzatlar mintaqaviy sharbatlar bilan mukammal uyg‘unlashadi. Serhosil uzumzorlar bilan o‘ralgan Kappadokiya Bo‘g‘azkere, Narinje hamda o‘ziga xos ta’mi bilan ajralib turadigan Emir kabi anatoliy uzum navlari bilan mashhur.

Kiritildi: Bugun 11:08. O'qildi: 255 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!