Kanada shimolidagi Yukon territoriyasida otishma sodir bo‘lib, ikki kishi halok bo‘ldi, yana bir kishi og‘ir yaralandi. Bu haqda Yukon polisiyasi boshlig‘i Skott Shepard ma’lum qildi, deya xabar beradi “Ukrinform” 28 oktyabr, payshanba kuni.
Jumladan, o‘q jarohatlari oqibatida olis Faro shahrining ikki fuqarosi: 42 yoshli ayol va 73 yoshli erkak halok bo‘ldi. Yana bir mahalliy fuqaro og‘ir jarohat oldi – hozir uning ahvoli barqaror.
Huquq-tartibot xodimlari allaqachon hujumchini qo‘lga olishgan. Ma’lum bo‘lishicha, hujumchi Yukon poytaxti Uaytxorsdan 300 km shimolda joylashgan Faro shahridagi bir necha uylarda qurol ishlatgan.
Otishma ma’lum bo‘lgach, polisiya mahalliy maktabni to‘sib, o‘quvchilar va o‘qituvchilarga undan chiqib ketishni taqiqlagan.
Hozir tergov davom etmoqda, polisiya hujumchining maqsadini aniqlamoqda.