“Mening yurtim” (MY5) telekanali muxbiri Ruxsora G‘afurova o‘zgalar nomiga iste’mol krediti olib, uni o‘zlashtirganlikda gumon qilinayotgan sobiq bank xodimi haqida tayyorlagan materiali ortidan ochilgan ma’muri ish tugatildi. Bu haqda Daryo xabar berdi.
Nima bo‘lgan edi?
Jurnalist o‘zgalar nomiga iste’mol krediti olib, uni o‘zlashtirganlikda gumon qilinayotgan sobiq bank xodimi haqida material tayyorlagan va uni efirga uzatgan. Surishtiruv keng muhokamalarga sabab bo‘lgan va holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘zgalar nomiga kredit olganlikda gumon qilinayotgan bank xodimi haqidagi surishtiruvi ortidan jurnalist Ruxsora G‘ofurovaga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Jurnalistga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46−2-moddasi (shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilgan va to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudiga oshirilgan edi.
Oliy sud jamoatchilik bilan aloqalar markazi rahbari Aziz Obidovning ma’lum qilishicha, ishni ko‘rib chiqishga tayyorlash vaqtida ish hujjatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 303-303-1-moddalari talablari buzilgan holda sudga yuborilgani aniqlangan. Shu sababli ushbu ish materiali qayta rasmiylashtirish uchun Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMBga qaytarilgan.
Tuman ichki ishlar bo‘limi hujjatlari sudga qayta yuborilgan va ish 2 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi binosida ko‘rib chiqilgan.
“Ruxsora G‘ofurova bilan bog‘liq holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB 3-IIB XPB profilaktika inspektori tomonidan 2025 yil 17 fevral kuni jinoyat ishini rad etish hamda ma’muriy ish qo‘zg‘atish haqida qaror qabul qilingan va ish hujjatlari sudning ish yurituviga kelib tushgan. Tuman sudi tomonidan 2025 yil 26 fevral kuni ushbu ish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 303-moddasi (ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishga tayyorlanish) hamda 303−1-moddasiga (ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish materiallarini qaytarish) asosan, kamchiliklarni bartaraf etish uchun qayta rasmiylashtirishga qaytarilgan. Ammo profilaktika inspektori tomonidan zarur prosessual harakatlar amalga oshirilmasdan ish 2025 yil 2 aprel kuni sudga qayta yuborilgan”, deyiladi sud qarorida.
Sud yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, Ruxsora G‘afurovaga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 36-moddasi (ma’muriy jazo qo‘llanish muddatlari)da nazarda tutilgan ma’muriy jazo qo‘llash muddatlari o‘tib ketgani sababli kodeksning 271-moddasi 7-bandiga asosan, tugatishni lozim, deb topgan.
Eslatib o‘tamiz, arizachi taraf (sobiq bank xodimi) sudga Ruxsora G‘afurovaga nisbatan da’vosi yo‘qligi haqida xat bergan edi.