Bugun 29 sentyabr, 2024 yil, yakshanba

КИР

Joriy yil 37,9 trillion so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqariladi

Joriy yil 37,9 trillion so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqariladi

2024 yilda qurilish materiallari sohasida 37,9 trillion so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Belgilangan rejani 111 foizga bajarish ko‘zda tutilgan. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, belgilangan reja 104,5 foizga bajarilishi mo‘ljallangan.

Sanoat korxonalari tomonidan yanvar-may oylarida 15 million kvadrat metr qurilish oynasi, 31,9 million kvadrat metr gipsokarton, 6,4 million tonna sement, 1,2 million o‘ram gulqog‘oz, 15,7 million kvadrat metr keramik plitka kabi qurilish materiallari ishlab chiqarilgan.

Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov bu haqda ma’lum qildi.

Unda aytib o‘tilganidek, yurtimizda 39 ta sement zavodi faoliyat ko‘rsatadi va ularning yillik quvvati 37,8 million tonnani tashkil etadi. O‘tgan davrda ular tomonidan 6,44 million tonna «M-400» va «M-500» marka portland sement ishlab chiqarildi.

– O‘tgan 5 oyda eng ko‘p keramik plitka "Sirdarya Ceramic Production" MCHJ QK tomonidan ishlab chiqarildi. Ayni paytda mamlakatimizda 26 ta gipsokarton ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona mavjud bo‘lib, ularning yillik quvvati 151 million kvadrat metrni tashkil etadi. Ushbu mahsulotga talab esa 66 million kvadrat metrdir. Ishlab chiqarish hajmining yuqori o‘sishi qurilish oynasida kuzatilganini ta’kidlash joiz. Prezidentimizning tegishli farmoniga asosan 2024 yilning 1 may kunidan e’tiboran Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilindi. Moratoriy e’lon qilingandan so‘ng asosi chaqiq toshlar bo‘lgan quyma va temir-betonlar va qum-shag‘allar narxida biroz o‘sish kuzatildi. Xususan, qumning narxi 150 ming so‘mni, chaqiq tosh narxi esa bugungi kunda 80 ming so‘mni tashkil etmoqda. Birjada bir tonna portland sementning o‘rtacha narxi 508 ming so‘m bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga arzonlashgan. Hozirda 1 list gipsokartonning o‘rtacha narxi 22 ming so‘mdir. Yanvar-may oylarida tovar-xom ashyo birjasida qurilish oynasining qalinligi 3,5 mm. bo‘lgan 1 kvadrat metr o‘rtacha 27 ming so‘mdan sotilgan, – dedi J.Shermetov.

Kiritildi: 18:04 24.06.2024. O'qildi: 577 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!