Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning G‘allaorol tumani bo‘limi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanib kelgan G‘.J. fuqaro M.X.ga 56 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 12 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Nurafshon shahri bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar D.V. va Ye.R. fuqaro A.A.ga 20 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 1,6 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.