Janubiy Afrikaning Limpopo provinsiyasida suv toshqini 25 kishining hayotiga zomin bo‘ldi.
Bu haqda mahalliy EWN radiostansiyasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yana uch kishi bedarak yo‘qolgan. Qidiruv ishlari davom etmoqda.
Avvalroq mintaqaviy hukumat rahbari Poppi Ramatuba brifingda suv toshqini viloyatga 7,9 milliard rand (493,6 million dollar) zarar yetkazganini ma’lum qilgan edi. U Janubiy Afrika hukumatidan tiklanish ishlari uchun qo‘shimcha mablag‘ so‘rab murojaat qilgan edi.
Yanvar oyida uzoq davom etgan yog‘ingarchilik Janubiy Afrikaning shimoliy va sharqiy qismida suv toshqinlariga sabab bo‘ldi. Rasmiylar beshta provinsiyada tabiiy ofat e’lon qilishdi. Limpopo va Mpumalaga provinsiyalari suv sathining ko‘tarilishidan eng ko‘p zarar ko‘rdi, qurbonlar soni qayd etildi. So‘nggi kunlarda Janubiy Afrikada yog‘ingarchilik intensivligi pasaydi.