Janubiy Koreyadagi Muan xalqaro ayeroportida bortida 181 kishi bo‘lgan samolyot halokatga uchradi , 85 kishi halok bo‘ldi, deb xabar berdi favqulodda vaziyatlar rasmiylari.
"Hozirgacha ikki kishi qutqarildi va 85 kishi halok bo‘ldi", dedi Milliy yong‘in boshqarmasi bayonotida, qutqaruv operasiyasi davom etmoqda.
Jeju Air reysi Tailandning Bangkok shahridan qaytayotgan edi, qo‘nish vaqtida bu voqea sodir bo‘ldi.
Favqulodda xizmatlar va mahalliy yangiliklar dastlab samolyotda qo‘nish moslamasida muammo borligi haqida xabar berishdi.
Keyinroq yong‘in xavfsizligi agentligi qushlarning urilishi bilan bir qatorda halokatga ob-havo sharoiti sabab bo‘lganini aytdi.
"Avariya sababi noqulay ob-havo sharoiti bilan birga qushlarning urilishi bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Biroq aniq sabab qo‘shma tekshiruvdan so‘ng e’lon qilinadi", - dedi Muan yong‘in xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Li Chjon Xyon brifing chog‘ida.
Halokat haqida nimalarni bilamiz?
Samolyot bortida 175 yo‘lovchi va olti ekipaj a’zosi bo‘lgan. Yo‘lovchilar orasida ikki nafar Tailand fuqarosi ham bo‘lgan, dedi Transport vazirligi.
O‘t o‘chirish agentligining ma’lum qilishicha, voqea joyiga 32 o‘t o‘chirish mashinasi va ko‘plab o‘t o‘chiruvchilar safarbar etilgan.
Bu Janubiy Koreyaning 2005-yilda tashkil etilgan loukoster Jeju Air tarixidagi birinchi halokatli avariyadir.
Aviakompaniya yakshanba kuni uzr so‘rab chiqdi.
"Biz - Jeju Air aviakompaniyasi ushbu avariyaga javoban qo‘limizdan kelganini qilamiz. Xavotirga sabab bo‘lganimiz uchun chin dildan uzr so‘raymiz", - deyiladi Jeju Air ijtimoiy media kanallarida e’lon qilingan bayonotda.
FlightRadar24 aviasiya kuzatuvi saytida aytilishicha, samolyot Boyeing 737-800 bo‘lib ko‘rinadi. Boyeing va AQSh Federal Aviasiya ma’muriyati izoh berish so‘rovlariga darhol javob bermadi.
Janubiy Koreya prezidenti vazifasini bajaruvchi Choy Sung Mok har tomonlama qutqaruv ishlarini olib borishni buyurdi. Choy mamlakatda davom etayotgan siyosiy inqiroz sharoitida avvalgi prezident vazifasini bajaruvchiga impichment e’lon qilinganidan keyin juma kunigina tayinlangan edi.
Uning shtab boshlig‘i favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi.