Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, jahon bozorida kungaboqar yog‘iga nisbatan takliflar keskin kamaygani fonida tasqislik yuzaga kelmoqda.
Bunga Ukraina va Rossiyadan eksport hajmining kamayishi asosiy sabab bo‘lgan.
Argentinadan yetkazib berish hajmi oshayotgan bo‘lsada, bu umumiy tanqislikni to‘liq qoplay olmayapti. Germaniyaning Oil World tahlilchilariga ko‘ra, shu yil yakuniga qadar jahon bozorida kungaboqar yog‘i taklifi o‘tgan yilga nisbatan 2,4 million tonnaga kamayishi mumkin.
Umumiy ta’minot esa 25,1 million tonna atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Tahlilchilarning aytishicha, jahon eksporti 2,7 million tonnaga qisqaradi. Eng katta pasayish Ukraina va Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi, deyiladi xabar matnida.
Bundan tashqari, kungaboqar yog‘i iste’moli ham kamaymoqda. Yevropa Ittifoqida qariyb 1 million tonnaga, Xitoy va Hindistonda esa taxminan 0,5 million tonnaga qisqarish kutilmoqda.
Mutaxassislar so‘nggi haftalarda narxlar yuqori darajada saqlanib qolayotganini ta’kidlab, bu holat bozorda tanqislik hanuz davom etayotganidan dalolat berishini qayd etmoqda.