Jahon banki "Ukrainadagi zaif muhitda barqaror infratuzilmani yaratish" DRIVE loyihasi doirasida mamlakat transport infratuzilmasini tiklash uchun 432 million dollar ajratadi.
Bu haqda Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qilgan.
"Ukraina Jahon bankidan transport infratuzilmasini tiklash uchun 432 million dollar oladi. DRIVE loyihasi doirasida tegishli kelishuvlar bugun Kiyevda Taraqqiyot vazirligi va Jahon banki o‘rtasida imzolandi", deb yozdi u.
Shmixalning so‘zlariga ko‘ra, loyiha mamlakatning 19 ta hududidagi yo‘llar va ko‘priklarni kapital ta’mirlash, avtomobil yo‘llarini modernizasiya qilish, modulli ko‘priklar o‘rnatish, shuningdek, texnik yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi. U Ukraina infratuzilmasini tiklash va rivojlantirish davlat agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Bosh vazir mablag‘lar Ukraina byudjetiga qachon o‘tkazilishini aytmadi.