Bugun 6 may, 2026 yil, chorshanba

КИР

Jahon banki “Inson” loyihasini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga 100 mln dollar kredit ajratdi

A A A
Jahon banki “Inson” loyihasini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga 100 mln dollar kredit ajratdi

Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekiston uchun 100 million dollar miqdorida imtiyozli kreditni tasdiqladi. Bu haqida Daryo nashri yozmoqda.

Qayd etilishicha, ushbu mablag‘lar “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiylashuvini ta’minlash uchun innovasion ijtimoiy himoya tizimi” (“Inson”) loyihasini amalga oshirishga taqdim etiladi. Loyihaning maqsadi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga mansub odamlar uchun ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati va ularning sifatini yaxshilashdir.

Loyiha qo‘shimcha ravishda Jahon banki qoshidagi “Erta yoshdagi ta’lim uchun hamkorlik” ko‘p tomonlama donorlik trast jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan 2 million dollarlik grant vositasida moliyalashtiriladi.

Jamg‘arma faoliyati dunyoning turli mamlakatlaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning rivojlanishi va ta’limini qamrab oladi. Ushbu mablag‘lar mahalliy jamoalar (mahallalar) darajasida ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning O‘zbekistondagi ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar farovonligiga ta’sirini baholash va ularning sifatini oshirish uchun yo‘naltiriladi.

Biz O‘zbekiston hukumatining ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini har tomonlama va samarali qo‘llab-quvvatlash maqsadida milliy ijtimoiy himoya tizimi salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini olqishlaymiz. Loyiha O‘zbekistonda “g‘amxo‘rlik iqtisodiyoti” sektorining huquqiy va institusional asoslarini rivojlantirishga ko‘maklashadi, — deydi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

Loyiha O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (IHMA) tomonidan mamlakatning turli davlat organlari, nodavlat tashkilotlari va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlar bilan amalga oshiriladi.

Prezident huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi davlat rahbarining 2023 yil 1 iyundagi farmoni bilan tashkil etilgandi. Uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ham tashkil etildi.

Kiritildi: 13:20 27.05.2024. O'qildi: 1089 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!