O‘zbekiston delegasiyasining Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi munosabati bilan “Uillard Interkontinental Vashington” otelida uyushtirilgan uchrashuvda e’tiborli voqea ro‘y berdi. Gap shundaki, ko‘p yillik samarali ijodi, o‘zbek maqom san’atini rivojlantirish, xalqimizning boy madaniy merosini dunyoda targ‘ib etishga qo‘shgan hissasi uchun maqom ansamblining sobiq xonandasi Izro Malakov “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Vashingtonda xizmat safarida bo‘lib turgan "Xalq so‘zi" gazetasining maxsus muxbiri Shavkat Ortiqov xalqimizning sevimli xonandasi Izro Malakovdan eksklyuziv intervyu olib, uning dil so‘zlarini biz bilan o‘rtoqlashdi:
— “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlanganim hayotimdagi eng quvonchli voqealardan biri bo‘ldi. To‘g‘risi, ushbu nufuzli anjumanga taklif qilishganida menga bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatiladi, deb o‘ylamagan edim. Hozir hayajonimni so‘z bilan ta’riflashga ojizman.
O‘zbek xalqi san’atni chin dildan sevadi, uni ma’naviyatni boyitadigan, qalb hamda ruhni yuksaltiradigan beqiyos kuch, deb biladi. Buni O‘zbekistonda maqom san’atini yanada rivojlantirish, uni chuqur o‘rganish, asrab-avaylash, nozik asrorlarini targ‘ib etish, maqomchilar, maqomshunos ilmiy-pedagog olimlar va mutaxassislar faoliyatini moddiy hamda ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganidan ham bilish mumkin. Bu haqda internet orqali bilib, eshitib-ko‘rib turibmiz. Men kabi o‘zga mamlakatda yashayotgan san’atkorga-da ko‘rsatilayotgan e’zozni esa bir so‘z bilan yuksak ehtirom, deb atash mumkin.
Shavkat Miromonovichning AQShga rasmiy tashrif bilan kelishi haqidagi xabarni eshitgan kunimdanoq katta hayajon, o‘zgacha faxr va g‘ururda edim. Chunki bu inson Prezident etib saylanganidan buyon O‘zbekistonda xalqparvar siyosat yuritayaptiki, mazkur islohotlar kun sayin barchaning havasu hayratini oshirmoqda. Ushbu tarixiy tashrifning bevosita guvohiga aylanganimdan juda xursandman. Qarang, qanchadan-qancha yirik shartnomalar imzolandi. Bularning barchasi O‘zbekiston hamda AQSh o‘rtasidagi munosabatlar taraqqiyotida muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shu o‘rinda mehnatimni qadrlagani uchun O‘zbekiston Prezidenti va o‘zbek xalqiga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Bu g‘amxo‘rlik davlat rahbarining nafaqat O‘zbekistondagi, balki butun dunyoda O‘zbekistonga daxldor insonlarni qadrlashining, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashining amaliy ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston — biz uchun tabarruk diyor. U yerda Buxoro yahudiylariga shu qadar katta e’tibor, mehr ko‘rsatilganki, dunyoning boshqa joyida bunday g‘amxo‘rlikni ko‘rmaganmiz. Yoshim ulg‘ayib borayapti, lekin mana bu unvon, shubhasiz, menga yangi kuch bag‘ishlaydi. Bundan keyin ham maqom san’atining yanada ravnaq topishiga, xalqimizning mazkur noyob madaniy merosini dunyoga keng yoyishga hissa qo‘shishga undaydi.