Bugun 19 dekabr, 2025 yil, juma

КИР

It bo‘lur, eshak bo‘lur, aslo bo‘lmas odami

A A A
It bo‘lur, eshak bo‘lur, aslo bo‘lmas odami

Chiqindilardan sizib chiqqan suv asfaltgacha yetgan. Yerdagi dog‘lardan ko‘rinib turibdiki, bu yerga har kuni chiqindi tashlanadi.

 

Kim, kuchuk birla xo‘tukka necha qilsang tarbiyat, 
It bo‘lur, dog‘i eshak, bo‘lmaslar aslo odami.
Alisher Navoiy

Joriy yil o‘rtalarida Toshkentdagi Baynalmilal ko‘chasiga Seul nomi berilib, ushbu hududda katta bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borildi.
 
Beshyog‘ochdan to Oqtepagacha bo‘lgan yo‘lga asfalt qoplandi. Yo‘l chetida piyodalar va velosiped uchun yo‘laklar hozirlandi. Koreya ko‘chalarini eslatuvchi o‘rindiqlar, do‘kon-shoxobchalar o‘rnatildi. Oqar suv atrofi tozalanib, to‘siqlar qo‘yildi. Ko‘zni quvnatuvchi chiroqlar nur tarata boshladi.
 
Odamlar roziligini olish, ularning kayfiyatini ko‘tarish, shu atrofda va shaharning turli qismlarida istiqomat qilayotganlarning sayr qilishi, farzandlari bilan hordiq chiqarishi uchun sharoit yaratildi. Biroq, haqli savol tug‘iladi: bu sharoitdan shaharliklar qanchalik to‘g‘ri foydalanyapti?
 
Kecha shu ko‘chaga yo‘lim tushdi. Ko‘chaning go‘zalligi ko‘zni qamashtiradi. Qani endi Toshkentdagi hamma ko‘cha, mahallalar shunday chiroyli ko‘rinishda bo‘lsa, saranjom saqlansa, degan o‘y o‘tdi ichimdan. Ammo bu o‘ylar uzoqqa cho‘zilgani yo‘q.
 
Piyoda toza havodan bahra olib kelayotgan kishining ta’bini yo‘l chetida uyib qo‘yilgan chiqindilar xira qilmay qolmaydi. Bu chiqindi boshqa mahalladan yoki narigi tumandan kelmagani aniq. Shu yerda yashaydigan aholining uyidan chiqqan. Ular o‘zi olib chiqib tashlagan. Yaraqlab turgan ko‘chaga xunukdan xunuk hol qo‘ygan.
 
Bu holni ko‘rgach, shunday sharoitlarni yaratish uchun tunlarini bedor o‘tkazayotgan yuzlab kishilarning mehnatiga achinasan kishi. Eng yomoni bunday ahvolga faqat bir kun emas, har kuni duch kelishingizda.
 
Chiqindilardan sizib chiqqan suv asfaltgacha yetgan. Yerdagi dog‘lardan ko‘rinib turibdiki, bu yerga har kuni chiqindi tashlanadi.Seul ko‘chasi atrofida aholi zich joylagan. Oqar suvning bir tarafida ko‘p qavatli uylar, ikkinchi tarafida hovlilar.  Chiqindilar esa ko‘p qavatli uylar tarafda to‘planib turibdi. Bundan chiqdi bu axlatlar o‘sha uylardan chiqqan va bu uylarda yashaydiganlar vijdonini ham chiqindilarga qo‘shib tashlab yuborganiga shubhamiz yo‘q. Boisi odam qo‘llari bilan yaratilgan bu go‘zallikni toptash yuragi bor, vijdoni pok odamlarning qo‘lidan kelmaydi.
 
Masalaning ikkinchi tarafi ham bor. Nafaqat viloyatlar, balki poytaxtning ayrim tumanlarida ham “Maxsustrans” faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Qorasaroydan o‘tasizmi yo Hastimomning atrofidan, ana shunday chiqindilar uyimiga duch kelasiz. Ayniqsa, erta tongda yaxshi kayfiyat bilan ishga ketayotgan mahalingiz svetoforda to‘xtaysizu kecha tunda tashlab ketilgan chiqindilarning badbo‘y hidi kelib uriladi dumog‘ingizga. Xo‘sh, bunga kim aybdor?
 
Tarozining ikki pallasini teng tutishga harakat qilaylik. Chiqindilarning yo‘l chetiga tashlab ketilishi aholi vijdonsizligi belgisimi yo uydan chiqqan axlat uchun pulini jaraq-jaraq sanab, tashib ketishni to‘g‘ri tashkil qila olmayotgan mas’ullarningmi?
 
Hokimlar, tegishli tashkilotlar shahar ozodaligini saqlash uchun tinim bilmasa, yo‘l solsa, gul eksa, obod qilsayu bir oy o‘tar-o‘tmas o‘sha ko‘cha chiqindixonaga aylantirilsa... Bunga kim javob beradi? Biz javob kutamiz. Har holda bu bir vijdon masalasi. 
Manba: qalampir.com
Kiritildi: 23:00 25.09.2018. O'qildi: 36859 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!