Isroil havo hujumlari G‘azo sektorida yuzlab falastinlik oilalarni o‘z uylarini tark etishga majbur qildi. Hujumlar natijasida besh kishi halok bo‘ldi, ko‘plab aholi jarohatlandi.
G‘azo sektorida Isroil tomonidan amalga oshirilgan navbatdagi havo hujumlari yuzlab falastinlik oilalarni ko‘chishga majbur qildi. Guvohlarning aytishicha, hujumlar asosan G‘azo shahrining zich aholi joylashgan Shujoiya, Tuffah va Zaytun tumanlarini nishonga olgan.
Qutqaruvchilar besh nafar fuqaroning jasadini topgan va ko‘plab yaralanganlar Al-Ahli kasalxonasiga olib ketilgan. Zaytunda bosqinchilar tomonidan maktabga berilgan zarba natijasida ham qochqin oilalar ziyon ko‘rgan.
Ayni paytda, G‘azo shahri g‘arbidagi Al-Shati qochqinlar lagerida berilgan zarba besh kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Isroil mudofaa kuchlari avvalroq shimoliy G‘azo aholisini hujumlar oldidan o‘z uylarini tark etishga chaqirgan edi.
Biroq ko‘pchilik aholi Isroil tomonidan ko‘rsatilgan janubiy hududlarga emas, balki G‘azo shahrining g‘arbiy qismlariga qarab ko‘chgan. Qochqinlardan biri, yetti farzandi bor Abeer Talbaning aytishicha, bu ularning yettinchi marta ko‘chishidir.
«Bizga arab tilidagi ovozli qo‘ng‘iroqlar orqali bu hudud jangovar zona ekanligi va darhol evakuasiya qilish kerakligi aytildi. Biz yana ko‘chadamiz, yegulik yo‘q, suv yo‘q. Farzandlarim och. O‘lim bu azobdan yengildek tuyulayapti», — dedi u.
Isroilning bu qadamlari keng qamrovli yer usti amaliyotini yanada chuqurlashtirish uchun tayyorgarlik qismi bo‘lishi mumkinligi haqida xavotirlar ortib bormoqda. Ayni vaqtda, Isroildagi ba’zi generallar va sobiq armiya rahbarlari G‘azoda harbiy maqsadlar deyarli bajarilgani haqida fikr bildirishmoqda.
Ammo, ularning aytishicha, urush chuqurlashsa, partizan uslubidagi janglarga aylanishi mumkin va bu qurbonlar sonini keskin oshiradi. Benyamin Netanyaxuning keyingi qarorlari jahon hamjamiyati tomonidan diqqat bilan kuzatilmoqda. U ichki va tashqi bosimlar ostida o‘tishki to‘xtatish bo‘yicha yangi kelishuvni ko‘rib chiqishga majbur bo‘lishi mumkin.