Isroil vazirlar mahkamasi bugun G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va mahbuslarni almashish bo‘yicha kelishuvni ko‘rib chiqishi va ehtimol tasdiqlashi kutilmoqda.
KAN davlat televideniyesiga ko‘ra, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu hukumatning kelishuvga qarshi bo‘lgan moliya vaziri Besalel Smotrich muxolifati tufayli qulash xavfi ostida qolmasligini ta’minlashga harakat qilmoqda.
Isroil rasmiylari KAN uchun vaziyatni sharhlar ekan, "Agar jarayon reja bo‘yicha ketsa, bugun tushdan keyin vazirlar mahkamasi yig‘ilishi, keyin esa kelishuvni yakunlash uchun hukumat yig‘ilishi o‘tkazilishi mumkin”, dedi.
Channel 12 televideniyesining xabar berishicha, tomonlar mahbuslarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvning asosiy bandlari bo‘yicha kelishuvga erishgan va hozirda Xamasning yakuniy javobi kutilmoqda.
Isroil matbuotiga ko‘ra, hukumat a’zolarining aksariyati tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi. Ular orasida Likud partiyasidan 18 vazir, ultra-pravoslav Shas partiyasidan 6, Birlashgan Tavrot yahudiy partiyasidan 2 va Milliy ittifoq partiyasidan 2 vazir bor. Biroq milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir boshchiligidagi o‘ta o‘ngchi Osma Yegudit partiyasidan uch vazir va Smotrix boshchiligidagi “Diniy sionizm” partiyasidan uch vazir kelishuvga qarshi.
Avvalroq Netanyaxu Smotrich bilan uchrashuv o‘tkazib, uni tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga ishontirishga uringani ma’lum bo‘lgan edi. Isroil matbuotining qayd etishicha, tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi va asirlarni almashish bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichida.