Netanyahu Isroilning Eronga mustaqil zarba berishi mumkinligini bildirdi.
Isroil bosh vaziri Tehron va Vashington o‘rtasidagi muzokaralardan qat’i nazar, mamlakat Eronning yadroviy dasturiga qarshi mustaqil harakat qilishga tayyor ekanini aytdi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, agar zarur deb hisoblansa, Isroil Eronning yadroviy qurol yaratishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida mustaqil ravishda zarba berishi mumkinligini bildirdi.
Bu bayonot AQSh va Eron o‘rtasida davom etayotgan muzokaralar fonida yangradi. Quddus shahrida so‘zga chiqqan Netanyahu Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (KSIR) qo‘mondonining bayonotiga ishora qildi.
«Bugun KSIR qo‘mondoni Eron yadroviy qurol ishlab chiqishni davom ettirish niyatida ekanini aytdi. Isroil bosh vaziri sifatida men Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka qat’iy qaror qilganman», — dedi Netanyahu.
U AQSh va prezident Donald Trampni Isroilning eng yaqin do‘sti va ittifoqchisi deb atadi, biroq Tel-Aviv zarurat tug‘ilsa mustaqil harakat qilishga tayyorligini ta’kidladi.
«Aniq aytmoqchiman: Isroilning mavjudligi muzokara mavzusi emas. Mamlakatimiz xavfsizligi va kelajagini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘rishga qat’iy ahd qilganman», — dedi bosh vazir.
Avvalroq Donald Tramp AQSh va Eron vakillari o‘rtasida «juda yaxshi muzokaralar» o‘tayotganini, uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron kelishuvga erishishdan manfaatdor ekanini bildirgan edi.
«Eng muhimi — amaliy harakatlar. Ular kelishuv tuzishni xohlayapti. Qanday yakun topishini ko‘ramiz», — degan AQSh prezidenti.