Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Esmail Bag‘ayi AQShning tahdidlari va sulhni buzganliklari sababli Eron urush holatida ekanligini aytdi.
Bag‘ayi bu haqda Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
"Har safar Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyatni muhokama qilganimizda, hozirgi vaziyatga olib kelgan sabablarni hisobga olishimiz kerak", dedi Esmail Bag‘ayi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Isroil Eronga qarshi harbiy harakatlarni boshlashdan oldin Hormuz bo‘g‘ozida hech qanday muammo bo‘lmagan.
"Hozirgi vaziyat AQShning harakatlari tufayli yuzaga kelgan. Biz hali ham urush holatidamiz. Ha, sulh rasman e’lon qilingan edi, ammo afsuski, boshidanoq u AQSh tomonidan bir necha bor buzilgan. Va Eron portlari va kemalari AQSh nishoniga aylanishi mumkinligi haqidagi bayonotlar vaziyatni yanada murakkablashtirdi", deb ta’kidladi u.
Bag‘ayining qo‘shimcha qilishicha, hozirgi sharoitda Hormuz bo‘g‘ozida bir tomonlama erkin navigasiyani ta’minlash mumkin emas: nafaqat Eron qirg‘oqbo‘yi davlati sifatida ko‘rilgan choralar tufayli, balki yuk tashish kompaniyalari, yuk egalari va sug‘urtalovchilarning o‘zlari ham xavf-xatarlar tufayli mintaqadan tranzit o‘tishni istamasligi sababli.
Shuningdek, u kelajakda shunga o‘xshash vaziyatlarning oldini olish uchun kemalarning Hormuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tishini ta’minlash uchun aniq protokollarni ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.