“Robbing ismi bilan o‘qi” (Alaq surasi, 1-oyat) oyati Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk nozil bo‘lganida u Zot shunday ta’sirlandilarki, qanday qilib bir yetim holida o‘sgan, savodsiz, sahroyi arab biror narsani o‘qishi mumkinligiga aqllari bovar qilmasdi.
Bunday vaziyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni birinchi bo‘lib tinchlantirgan, qalblariga oro kirgan, qiyinchilik daqiqalarida qalblarini xotirjam qilgan, u Zotga imon keltirgan inson rafiqalari Xadicha roziyallohu anho bo‘ldilar. Bu ayol oliy nasabli, oqila, fozila, ishbilarmon, tadbirkor, Quraysh ayollarining sayyidasi hisoblanar, ayollar ichida Tohira degan nomni olgan edilar. Aynan u vahiy kela boshlagan ilk davrda, islom vujudga kelishining eng og‘ir yillarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga eng asosiy yelkadosh bo‘ldilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uch yil davomida Allohning buyrug‘i bilan o‘z oilalari va yaqinlarini tavhid diniga chorladilar. So‘ng oilalarini to‘plab, Xoshim va Abdulmuttalib urug‘larini risolatga imon keltirishga chaqirdilar. Bu chaqiriqlari davomida Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abbos ibn Abdulmuttallibga: “Qiyomat kuni men seni qutqara olmayman”, dedilar. Ammalari Sofiya binti Abdulmuttalib hamda qizlari Fotima roziyallohu anholarga ham shunday so‘zlar bilan murojaat qildilar. Murojaatlari davomida, jumladan: «Bu dunyoda siz mendan istagan narsangizni so‘rashingiz mumkin, ammo oxirat dunyosida, qiyomat kuni men sizga foyda bera olmayman», dedilar.
Ikkinchi Aqaba bay’ati ma’lum bir siyosiy va strategik majburiyatlardan iborat bitim edi. Unda Nabiy sollallohu alayhi vasallam erkaklar qatori, ayollardan ham bay’at qabul qildilar. U Zot ayollarni faqat uy ishlari, oila tashvishlari bilan cheklanib qolmasdan, jamiyat hayotida ham o‘ziga xos ravishda ishtirok etishga rag‘batlantirishga intilar edilar.
Islom manbalarining saqlanib qolishida muslimalarning o‘rni
Qur’onning, ya’ni Mushafning ilk saqlovchilaridan biri ayol kishi – hazrati Umarning qizlari Hafsa roziyallohu anho edilar. Musulmonlarning muqaddas Kitobini saqlash vazifasi ayol kishiga topshirilganligi o‘zida juda ko‘p narsani ifoda etadi.
Imom Hokim Nishopuriyning ta’kidlashicha: “Dinimizning to‘rtdan biri Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislarini yetkazgan muslima opa-singillarimizga bog‘liq. Agar bu roviylar bo‘lmaganda, dinimizning to‘rtdan birini yo‘qotgan bo‘lar edik”.
Masalan, Abu Hanifa «Peshin namozidan avval 4 rakaat nafl (sunnat) namozi bor», desa, boshqa imomlar faqat 2 rakaatlik sunnat namozini ta’kidlaydilar. Imomlar Shofeiy, Molik va Ahmadlar Abdulloh ibn Umarlarning rivoyatiga tayansalar, Abu Hanifa Ummu Habiba va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning boshqa ayollari roziyallohu anholardan rivoyat qilingan hadislarga tayanadi.
Ummu Dardo Nabiy sollallohu alayhi vasallamning buyuk sahobiyalaridan bo‘lib, Dimashq va Quddusda dars berardi. Uning darslariga imomlar, faqihlar va hadisshunoslar qatnashardi. Ispaniyadan Hindistongacha bo‘lgan yerlarni o‘z ichiga olgan katta imperiyani boshqargan zabardast hukmdor Abdulmalik ibn Marvon o‘z davrining eng yirik ulamosi bo‘lgan Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu tomonidan ustoz sifatida e’tirofga sazovor bo‘lgan edi. Abdulloh keksa yoshga yetganida, odamlar undan: «Sizdan keyin ilmni kimdan olamiz», deb so‘rashdi. Ibn Umar: «Marvonning o‘g‘li bor, Abdulmalik. U – faqih. Shuning uchun undan ilm talab qiling», deb javob berdi. Shu tariqa Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu Abdulmalik ibn Marvonni olim sifatida e’tirof etdi. Biroq Abdulmalik ibn Marvon Ummu Dardoning darslariga qatnar va buni o‘zi uchun or deb bilmasdi. Ushbularga o‘xshash misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Demak islom rivojida ayollarni ham xizmatlari katta bo‘lganini inobatga olib ayol-qizlarimiz hozirgi kunda ham ilm olishga rag‘bat qilmoqlari lozim va lobuddir. Ushbu sharafli ilm yo‘lida ayol-qizlarimizga sharoit va imkoniyat qilib berish hurmatli otalarimiz va akalarimizga katta mas’uliyat yuklaydi. Aks holda ilmsizlik jaholati kelajak avlodlarga o‘z ta’sirni o‘tkazaveradi.
Ibodulla YANDASHEV,
Chust tumani “Toymas” jome masjidi imom-xatibi