Bugun 8 may, 2024 yil, chorshanba

КИР

Islomga chaqiruvchilar uchun ixlosning zarur ekanligi

Islomga chaqiruvchilar uchun ixlosning zarur ekanligi

Muxlislar amallari ila Alloh roziligini o‘zlarining manfaatlari, shaxsiy foydalaridan ustun qo‘yadilar. Ularning o‘zlari Islomga chaqiruvchilar qo‘shini, risolatni ko‘tarib yuruvchi, nubuvvat merosxo‘rlaridir. Faqir, obro‘si yo‘q, odamlar orasida tanilmagan bo‘lsalar ham, ular Islomga chaqirish ila ustun bo‘ladilar, Islom ham ular ila ustun bo‘ladi. Ular haqida hadisi sharifda bunday deyilgan: “Bo‘lishi mumkinki, sochlari to‘zigan, ostonalardan quvilgan banda agar Alloh nomi ila qasam ichsa, Alloh uni ustun qilib qo‘yadi” (Muslim rivoyati).

Islomni qabul qilishda birinchilardan bo‘lgan va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yaqin kishilaridan Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan imom Nasaiy va boshqalar rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, u kishi o‘zlarini boshqalar oldida fazilat jihatidan ustunroq deb o‘ylab yurganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam u kishiga: “Alloh ushbu ummatga uning zaiflari ila, ularning Islomga da’vatlari, namozlari va ixloslari sababli nusrat beradi”, – degan ekanlar (Nasaiy rivoyati). Ana shunday zaif, kishi bilmas, ixlosli bandalarni zikr qila turib, Alloh o‘z Rasuliga ular bilan birga bo‘lib sabr qilishga, ularning birortasiga nisbatan kamchilikka yo‘l qo‘ymasdan, ikki ko‘zlarini ulardan burib, o‘rni, boyligi, amali ila jamiyatda e’tiborli bo‘lgan, obro‘lar va odamlar oldidagi o‘rinlari sababli “biror narsaga da’vat qilsam, shu narsaga erishaman”, deb o‘ylaydigan insonlarga qaratmaslikni amr qilgan. Alloh aytadi: “O‘zingni ertayu kech Rabbilariga duo qilib, Uning yuzini iroda qiluvchilar ila sabr etib tut. Hayoti dunyo ziynatini xohlab, ulardan ikki ko‘zingni burma. Qalbini O‘z zikrimizdan g‘ofil qilib qo‘yganlarimizga va havoyi nafsiga ergashib, ishi izdan chiqqanlarga itoat qilma” (Kahf, 28). Ushbu oyati karimaning nozil bo‘lish sababi haqida tafsiri Kabirda quyidagilar rivoyat qilinadi: “Quraysh rahbarlari to‘planib, Rasulullohning (s.a.v.) huzurlariga borishdi va: “Agar senga iymon keltirishimizni istasang, anavi faqir-fuqoralarni huzuringdan hayda”, – deyishdi. Ular bu gaplari bilan Bilol, Habbob, Suhayb va boshqalarni ko‘zda tutgan edi. Qurayshliklar yana: “Ular bilan bir joyda bo‘lsak, ko‘nglimiz ayniydi. Ular bilan birga to‘planishga alohida vaqt tayin qilib qo‘y”, – deyishdi. Ana shunda Alloh taolo “O‘zingni ertayu kech Rabbilariga duo qilib, uning yuzini iroda qiluvchilar ila sabr etib tut” oyatini nozil qildi”.

O‘z aqidasining jangchisi dunyoviy xohishlar ketidan yugurmaydi, shuhrat chaqmog‘i uning ko‘zini ola olmaydi, nufuz va obro‘ ta’siri qalbini erita olmaydi, dunyo uning eng katta g‘ami va ilmining oxiri bo‘lmaydi, u dunyoni o‘z o‘rniga qo‘yadi, albatta dunyo Alloh taolo nazdida pashshaning qanotichalik qadrga emas. Uning eng katta g‘ami Alloh uni solih bandalari, sodiq lashkari, najot topuvchi guruhi orasiga qabul qilishidir.

Ushbu maqsadning oydin bo‘lishi Islom nusrat qozonishi uchun amal qiluvchilarga zaruriy ishdir. Maqsadlarning maqsadi, g‘oyalarning g‘oyasi Alloh roziligi va U Zotning huzuridagi narsadir. Shu sababli amal Alloh uchun bo‘lsa, ular achchiqni shirin, din uchun har bir fidoyilikni yengil hisoblaydilar.

"Niyat va ixlos" kitobidan

Kiritildi: 10:50 15.09.2019. O'qildi: 2417 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!