Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

Islomda ayol kishi qaysi vaqtda ajrashishga haqli?

Islomda ayol kishi qaysi vaqtda ajrashishga haqli?

Savol: Islomda ayol kishi qaysi vaqtda ajrashishga haqli? Yoki faqatgina eri taloq qilganidami?

Javob: Bismillahir rohmanir rohiym.

Islomda ayol kishi xulu’ yo‘li bilan eridan ajrashishi mumkin.

Xulu’ so‘zi lug‘atda ko‘proq kiyim yechish degan ma’noda ishlatiladi. Shariatda esa xotin kishining arz qilib, bir narsa berib, eri bilan ajrashishiga xulu’ deyiladi. Chunki er-xotin Qur’on ta’biri ila bir-biriga kiyim o‘rnida bo‘ladi.

Alloh taolo Baqara surasida:

ﯠ ﯡ ﯢ ﯣ ﯤ ﯥ ﯦ ﯧ ﯨ ﯩ ﯪ ﯫﯬ ﯭ ﯮ ﯯ ﯰ ﯱﯲ ﯳ ﯴ ﯵ ﯶ ﯷ ﯸ ﯹ ﯺ

Bas, agar ikkovlarining Allohning chegaralarida tura olmasligidan qo‘rqsangiz, xotin bergan evazda ikkovlariga gunoh yo‘qdir. Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ularni buzmang. Va kim Allohning chegaralarini buzsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar zolimlardir , degan (229-oyat).

Ushbu oyati karima asosida Islom shariatida xulu’ hukmi joriy qilingan. Er-xotin birga yashashlarining iloji qolmasa, agar birga tursalar, gunoh ish sodir bo‘lishi muqarrar bo‘lib qolsa, xotin ajrashishni istasa, eriga fidya (to‘lov) berib, uni rozi qilib, ajrashib ketsa bo‘ladi.

Bu masalada Muxtasari Viqoya ning sohiblari quyidagilarni aytadi:

Hojat tushganda, mahrga yaroqli narsa evaziga xulu’ qilsa bo‘ladi.

Bunga hozirgina o‘rgangan oyatimiz va quyidagi hadisi sharif dalildir:

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

Sobit ibn Qaysning xotini Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: Ey Allohning Rasuli! Men unga xulqda ham, dinda ham bir ayb qo‘ya olmayman, lekin Islomda kufron bo‘lishini (ya’ni erimni yoqtirmaganim uchun unga itoatsizlik qilib, gunohkor bo‘lishni) ham istamayman , dedi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: (Senga mahr qilib bergan) bog‘ini unga qaytarib berasanmi? dedilar. Ha , dedi ayol. U zot (Sobit ibn Qaysga) Bog‘ni qabul qilib olgin-da, uni bir taloq qil , dedilar .

Buxoriy va Nasoiy rivoyat qilganlar.

Sobit ibn Qays roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va-sallamning aytganlarini qildi va shu tariqa Islomda birinchi xulu’ sobit bo‘ldi.

Xulu’ boin taloqdir.

Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xulu’ni bir boin taloq hisoblaganlar.

Ayolga badalini berish vojib bo‘ladi.

Ya’ni eridan xulu’ qilayotgan ayol eriga xulu’ning badalini berishi vojib bo‘ladi.

Erga, agar ayb o‘zida bo‘lsa, badalni olish, agar ayb ayolda bo‘lsa, ortig‘ini olish makruhdir.

Ya’ni er o‘zining aybi bilan xotinni xulu’ qilishga olib kel-gan va xulu’ evaziga xotin mahrning badalini qaytarib berayotgan bo‘lsa, uni olish erga makruhdir.

Ammo ayb xotinda bo‘lsa va u mahr badali ustiga ortig‘ini ham berayotgan bo‘lsa, er o‘sha ortig‘ini olishi makruh bo‘ladi.

Sobit ibn Qays roziyallohu anhu Jamila roziyallohu anhoga bir bog‘ni mahr qilib bergan edilar. Sobit roziyallohu anhu o‘zlari odobli, dindor bo‘lsalar ham, chiroyli emas ekanlar. Shuning uchun xotinlari Jamilaga yoqmaganlar.

Boshqa rivoyatlarda zikr qilinishicha, Jamila roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: Bir kuni pardani ko‘tarib, ko‘chaga qarasam, u bir guruh odamlar bilan kelayotgan ekan, ichlarida undan ko‘rimsizi, undan xunugi yo‘q ekan , degan. Shuning uchun u kufroni a’shir, ya’ni erga itoatsizlik bo‘lishidan qo‘rqqan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jamilaning ajrashish istagini Sobitga aytganlarida u: Ey Allohning Rasuli, men unga eng yaxshi bog‘imni mahr qilib bergan edim , degan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Jamila roziyallohu anhoga: Unga bog‘ini qaytarib berasanmi? deganlar. Bu savol javobiga Jamila roziyallohu anho: Ha, ustiga boshqa narsa ham beraman , degan. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Ortig‘ining keragi yo‘q , deganlar.

Mahr bo‘lishi joiz narsani xulu’ga ham berish mumkin. Ulamolarimiz: Xulu’ning miqdori o‘sha ayolga berilgan mahrdan ortiq bo‘lmagani ma’qul , deyishadi.

Xulu’ Islomda ayol kishi uchun erdan ajrashishga ochib berilgan yo‘ldir. Er ajrashishni xohlasa, taloq qiladi. Xotin ajrashishni xohlasa, qoziga arz qilib, xulu’ qiladi.

Agar mol evaziga yoki mol berish sharti bilan taloq qilsa-yu, ayol qabul qilsa, boin taloq tushadi. Xamr va to‘ng‘iz evaziga bo‘lsa, erga hech narsa lozim bo‘lmaydi. Xulu’da boin, taloqda raj’iy tushadi.

Er: Seni ming tilla evaziga taloq qildim , deganda yoki Seni ming tilla berish sharti bilan taloq qildim deganda, xotin: Shartni qabul qildim desa, oraga bir boin taloq tushadi. Chunki ikki holatda ham taloq xotinning qabuliga bog‘liqdir.

Xulu’ ayolning haqqida evaz oldi-berdisi hisoblanadi. U majlis bilan chegaralanadi. Shuning uchun u aytganidan qaytishi va ixtiyor qilish sharti to‘g‘ri bo‘ladi.

Xulu’ qilishni xohlagan ayol mol berishi lozim bo‘lgani sababli bu ish uning uchun savdoga o‘xshash narsaga aylanib qoladi. Xulu’ masalasini o‘sha majlisning o‘zida hal qilishi lozim. Undan keyinga qoldirishga haqqi yo‘q. Shuning uchun u xulu’ni taklif qilganidan keyin er qabul qilishidan oldin gapini qaytarib olishga haqlidir. Er: Ming tilla berish sharti ila sen taloqsan deganida, ayol: Qabul qildim desa, uning ixtiyor haqqi uch kungacha sobit bo‘ladi. Bu muddat ichida er taloqni qaytarib olsa, taloq botil bo‘ladi. Ayol taloqni ixtiyor qilsa, taloq tushadi va eriga ming tilla berishi vojib bo‘ladi.

Xulu’ erning haqqida qasamdir. Shuning uchun hukmlar aksincha bo‘ladi.

Ya’ni (mahrni qaytarib olgan er endi bu fikridan) qaytishi mumkin emas va unga ixtiyor haqqi ham berilmaydi. Erkak masalani o‘sha majlisning o‘zida hal qilmasdan, keyinga qoldirsa ham bo‘ladi. Boshqa hukmlarda ham shunday. Vallohu a’lam.

Kiritildi: 17:25 16.02.2019. O'qildi: 37392 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!