Bugun 20 oktyabr, 2024 yil, yakshanba

КИР

Ishsizlik nafaqasi har bir xodimning mehnat huquqi kafolatidir

Ishsizlik nafaqasi har bir xodimning mehnat huquqi kafolatidir

Mamalakatimizda iqtisodiyotni yangilash va modernizasiya qilish borasida amalga oshirilib kelinayotgan keng qamrovli islohotlar bugungi kunda aholi daromadlarini o‘sishini ta’minlashga, fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga zamin yaratmoqda.

Shu nuqtai nazardan, respublikaning iqtisodiy-ijtimoiy xususiyatidan kelib chiqib aholini ish bilan ta’minlash, ayniqsa, yoshlar, ayollar bandligini ta’minlash, ularning ishsizlikdan muhofaza etish borasidagi masala doimo o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi va bu davlat raxbariyatining diqqat markazida bo‘lib kelgan. 

Ish bilan ta’minlanish fuqarolarning qonun hujjatlariga zid kelmaydigan, o‘z shaxsiy va ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish bilan bog‘liq bo‘lgan, ularga ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan faoliyatidir.

Unumli va ijodiy mehnat qilishga bo‘lgan o‘z qobiliyatlarini tasarruf etish va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyat, shu jumladan haq to‘lanadigan ishni bajarishga aloqasi bo‘lmagan faoliyat bilan shug‘ullanish mutlaq huquqi fuqarolarga tegishlidir.

Aholini ish bilan ta’minlash sohasidagi davlat siyosati quyidagi prinsiplarga asoslanadi:

  • mehnat qilish va ishni erkin tanlash huquqini amalga oshirishda barcha fuqarolarga jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli va mansab mavqeidan, dinga munosabati, e’tiqodidan, jamoat birlashmalariga mansubligidan, shuningdek xodimlarning ishchanlik jihatlariga hamda ular mehnatining natijalariga bog‘liq bo‘lmagan boshqa holatlardan qat’i nazar teng imkoniyatlarni ta’minlash;
  • kishilarning mehnat va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularda mehnat qilish va hayot kechirishda munosib sharoitlarni ta’minlaydigan unumli va ijodiy mehnat qobiliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish;
  • mehnat qilishning ixtiyoriyligi;
  • ish bilan ta’minlanish sohasida ijtimoiy kafolatlar berish va aholini ishsizlikdan himoya qilishni ta’minlash;
  • ijtimoiy himoyaga o‘ta muhtoj va ish topishda qiynalayotgan fuqarolar uchun mavjud ish joylarini saqlab qolayotgan va yangi ish joylarini yaratayotgan ish beruvchilarni rag‘batlantirish;
  • ish bilan ta’minlash sohasidagi tadbirlarni iqtisodiy va ijtimoiy siyosatning boshqa yo‘nalishlari bilan muvofiqlashtirish;
  • aholini ish bilan ta’minlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish, amalga oshirish va ularning bajarilishini nazorat qilishda davlat organlari, kasaba uyushmalari, xodimlarning vakillik organlari va ish beruvchilarning o‘zaro hamkorligi;
  • aholini ish bilan ta’minlash muammolarini hal qilishda davlatlararo hamkorlik.

Ayni paytda, aholining ishsizligi, bunga zamin yaratadigan omillar jamiyatda, shu jumladan har qanday tashkilot va korxona jamosida turli xil ziddiyatlarni, ijtimoiy muammolarni vujudga keltirishi mumkin.

Shu o‘rinda, ishsizlik tushunchasi o‘zi nimadan iborat ekanligiga alohida nazar tashlasak, ishsiz deb kimlar hisoblanishi, ishsizlarga berilgan imtiyoz va kafolatlar qanday tayinlanib kimlarga berilishi, bu borada ish beruvchi tomonidan qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilganda fuqaro qanday qilib o‘ining huquqlarini tiklashi mumkinligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Ishsizlar deganda o‘n olti yoshdan to pensiya bilan ta’minlanish huquqini olishgacha bo‘lgan yoshdagi, haq to‘lanadigan ishga yoki daromad keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor bo‘lgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan o‘tishga yoki malakasini oshirishga tayyor bo‘lgan mehnatga layoqatli shaxslar (bundan ta’lim muassasalarida ta’lim olayotganlar mustasno) tushuniladi.

Ishga joylashishda ko‘mak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ular tomonidan ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olingan shaxslar ishsiz deb e’tirof etiladi.

Shaxslarni ishsiz deb e’tirof etish to‘g‘risidagi qaror mahalliy mehnat organi tomonidan ular ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran o‘n birinchi kundan kechiktirmay qabul qilinadi.

Aksariyat, mehnat organlarida ro‘yxatga olingan kundan boshlab o‘n kun ichida taklif etilgan maqbul keladigan ishni ikki marta rad etgan shaxslar, ro‘yxatga olingan kundan boshlab o‘n kun ichida maqbul keladigan ishni qidirish maqsadida uzrsiz sabablarga ko‘ra mehnat organiga kelmagan shaxslar ishsiz deb e’tirof etilmaydi.

Bizning fikrimizcha, bunday tartib-taomil nafaqat davlat yoki davlat organining ishsizlikni ta’minlashga qaratilgan choralari, balki ishsiz yurgan shaxs yohud ishdan bo‘shatilgan xodimning o‘zini himoya qilish, huquqlarini tiklash va ijtimoiy kafolatlardan samarali va tez foydalanishga undaydigan mexanizm hisoblanadi.

Chunki, ishsizlikni va ishsiz yurgan shaxsni davlat himoyasiga olish tezkorlik va aniq choralarni belgilovchi omil hisoblanishini hisobga olish zarur.

Ishsiz shaxslarga moddiy madad berishga oid kafolatlar quyidagilardan iborat:

  • ishsizlik nafaqasi to‘lash;
  • mehnat organlarining yo‘llanmasi bo‘yicha kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida stipendiya to‘lanishi hamda shu davrni umumiy mehnat stajiga qo‘shish;
  • ishsiz shaxsga qaramog‘idagilarini hisobga olgan holda moddiy yordam berish;
  • haq to‘lanadigan jamoat ishlarida qatnashish imkoniyati;
  • mehnat organlarining taklifiga binoan ishlash uchun ixtiyoriy ravishda boshqa yerga ko‘chish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash.

Belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslar ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega.

Ishsizlik nafaqasi ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarga tayinlanadi. Qaramog‘ida uchtagacha kishi bo‘lgan, o‘ttiz besh yoshga to‘lmagan ishsiz erkaklarga ishsizlik nafaqasi ular haq to‘lanadigan jamoat ishlarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda ishtirok etgan taqdirda tayinlanadi.

Ishsizlik nafaqasi ularga mahalliy mehnat organida ro‘yxatga olingan birinchi kundan e’tiboran yoziladi va to‘lanadi. Ishsizlik nafaqasi ko‘pi bilan ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan yoki uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxslarga o‘n ikki oylik davr mobaynida yigirma olti kalendar hafta;

ilgari ishlamagan va birinchi bor ish qidirayotgan shaxslarga esa o‘n ikki oylik davr mobaynida o‘n uch kalendar hafta to‘lanadi.

Amaliyotda ish beruvchining aybi yoki tegishli mehnat organining aybi bilan ishsizlik nafaqasi to‘lanmay qolgan shasxlar ham uchraydi.

Bunday vaziyatda ishsiz qolgan shaxsning huquqlari sud orqali himoya qilinishi davlat tomonidan kafolatlangan.

Ushbu toifadagi ishlarning sudlarda ko‘rilishi mehnat qonunchiligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining raxbariy ko‘rsatmalari asosida ko‘rib chiqilib hal etiladi.

Jumladan, Mehnat kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari (O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi “Ishdan mahrum bo‘lgan chog‘dagi ijtimoiy kafolatlar”, “Mehnat organlarida fuqarolarni ro‘yxatga olish, ularni ishga joylashtirish, ishsizlik nafaqasini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom) Oliy Majlis qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlari va Jo‘qorg‘i Kenges qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Hukumatining qarorlari, davlat hokimiyatining boshqa vakillik va ijroiya organlari o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlari shular jumlasidandir.

Misol uchun, fuqaro N.A. Aksiyadorlik jamiyati raisining buyrug‘iga asosan ishlagan jamiyat tugatilganligi sababli ishdan bo‘shatilgan. U bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 100-moddasi, 2-qismi,
1-bandiga asosan bekor qilingan.

Shundan keyin, N.A. o‘ziga boshqa ish izlash maqsadida Toshkent shahridagi tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga murojaat qilgan.

Markaz tomonidan da’vogar N.A. 2019 yil 1 noyabrda ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olingan.

Uch oy ichida javobgar N.A. mehnat organida ishsiz deb e’tirof etish choralari ko‘rilmaganligi sababli da’vogarga nafaqa puli to‘lanmay qolgan.

N.A. bu borada tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarga bir necha marotaba murojaat qilgan. Murojaati qanoatlantirilmaganligi bois, sudga o‘zining buzilgan huquqlarini tiklashni so‘rab da’vo arizasi kiritgan.

Sud ishni ko‘rish jaryonida fuqarolik ishi doirasida jalb qilinish lozim bo‘lgan barcha shaxslarni, shu jumladan tuman banlik markazini ham eshitib, ishga daxldor barcha dalillarni to‘plagan.

Aniqlanishicha, N.A. u bilan mehnat shartnomasi bekor qiligan kundan boshlab, 10 kun ichida Toshkent shahar Yashnobod tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga ish bilan ta’minlash masalasida murojaat etgan va ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olingan.

Uch oy ichida javobgar tashkilot N.A.ni boshqa ish bilan ta’minlash maqsadida tumandagi bir necha tashkilotlarga ish vakansiyalar borasida so‘rovlar qilingan. Ushbu tashkilotlardan rad javobi kelganligi bois, da’vogarni boshqa ish bilan ta’minlash imkoni bo‘lmagan.

Lekin, oradan o‘tgan uch oy ichida da’vogar N.A. javobgar tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan ishsiz deb e’tirof etish choralari ko‘rilmagan.

Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tekshiruv o‘tkazib, markazning mas’ul xodimlariga qonun buzilish holati yuzasidan tegishli chora ko‘rishni so‘rab taqdimnoma kiritilgan. Natijada, markaz xodimilari belgilangan intizomiy jazoga tortilgan.

Oradan uch oy o‘tib, tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazining 2020 yil 1 fevral kungi qarori bilan N.A. ishsiz deb e’tirof etilgan.

Amaldagi qonun bo‘yicha ishsizlik nafaqasi ularga mahalliy mehnat organida ro‘yxatga olingan birinchi kundan e’tiboran yoziladi va to‘lanadi.

“Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunning 28-moddasiga ko‘ra,  ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan shaxslar uchun ishsizlik nafaqasi oldingi ish joyidagi oxirgi bir yilgi o‘rtacha ish haqiga foiz nisbatida belgilanadi. Boshqa hollarda ishsizlik nafaqasi qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga foiz nisbatida belgilanadi.

Ish haqiga koeffisiyentlar belgilangan joylarda yashovchi shaxslarga tayinlanadigan ishsizlik nafaqasi miqdorlari ularning shu joylarda yashagan davri uchun mazkur joyda noishlab chiqarish tarmoqlarining xodimlariga belgilangan koeffisiyentni qo‘llagan holda aniqlanadi.

Ishsizlik nafaqasi miqdorini hisoblab chiqishda tuman koeffisiyentlarini qo‘llash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan belgilanadi.

Sud tomonidan ushbu qonun asosida, da’vogar N.A.ning ohirgi ish joyidan ish haqiga oid ma’lumotni talab qilib olib, ishsizlik nafaqasi miqdorini belgilangan hamda ushbu summani javobgardan da’vogar foydasiga undirish haqida hal qiluv qarori chiqarilgan.

Xulosa qilinganda, har bir fuqaroning ishsizlikdan himoyalanish, ish bilan band bo‘lish, mehnat qilish va ishni erkin tanlash huquqini amalga oshirishda teng imkoniyatlarni yaratish, kishilarning mehnat va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularda mehnat qilish va hayot kechirishda munosib sharoitlarni ta’minlaydigan unumli va ijodiy mehnat qobiliyatini rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish, amalga oshirish va ularning bajarilishini nazorat qilishda davlat organlari, kasaba uyushmalari, xodimlarning vakillik organlari va ish beruvchilarning o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, kelgusida davlatning ijtimoiy siyosatini samarali olib borilishiga, aholini ish bilan ta’minlash muammolarini qaysidir bir darajada hal etilishiga ko‘maklashadi.

Sudlar esa bu borada shaxsning mehnat huquqi va ijtimoiy himoyasi sifatida davlat kafolatini ta’minlovchi organlardan biri bo‘ladi.

Azamat Mengliyev,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudi sudyasi 

Muhammadi Mamatov, 
Sudyalar Oliy maktabi tinglovchisi

Kiritildi: 20:15 14.01.2021. O'qildi: 3217 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!