“Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin Afrika davlatlaridan birida ekani aytilgan videomurojaat yo‘lladi. Video, xususan, kompaniyaga yaqin Grey Zone Telegram kanalida e’lon qilindi. Bu haqda Daryo.uz xabar berdi.
“Ishlayapmiz. Harorat 50... “Vagner” RQO (razvedka va qidiruv operasiyalarini) olib boryapti. Rossiyani barcha qit’alarda yanada buyukroq qilyapti, Afrikani esa yanada erkinroq”, — deydi kompaniya rahbari.
Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, hozir “Vagner” ISHID, “Al-Qoida” va boshqa to‘dalarni “dahshatga solyapti”.
Tadbirkor, shuningdek, “Vagner” o‘z oldiga qo‘yilgan va “erishishga va’da bergan” vazifalarni bajarishda davom etayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi kompaniya “qahramonlarni ishga olyapti”.
Prigojin Afrikaning qaysi davlatida ekani va “Vagner” aynan qanday vazifalarni bajarayotganiga aniqlik kiritmadi.