Iroqda so‘nggi 37 yil ichida birinchi marta aholi ro‘yxatga olindi. Mamlakat aholisi soni 45 million kishidan oshdi. Bu haqda Shafaq News xabar berdi.
“Iroq aholisi soni, chet elliklar va qochqinlarni ham qo‘shganda, 45 407 495 nafarga yetdi”, dedi mamlakat bosh vaziri Muhammad Shia as-Sudoniy.
U oilalar soni 7,8 milliondan oshganini aytdi. Aholi orasida erkaklarning ulushi ko‘proq ekani ma’lum bo‘ldi. Jumladan, erkaklar soni 22,7 million kishini (aholining 50,1 foizini), ayollar esa 22,6 million kishini (aholining 49,8 foizini) tashkil etmoqda.
Iroq bosh vaziri, shuningdek, 15 yoshgacha bo‘lgan mehnatga layoqatsiz aholi ulushi 36,1 foizni, 65 yoshdan oshganlar ulushi esa aholining 3,7 foizini tashkil etishini aytdi.
Iroqda aholi ro‘yxatga olish 20-21 noyabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Aslida, aholini ro‘yxatga olish har 10 yilda bir marta o‘tkazilishi kerak edi. Biroq 2003 yilda “AQSh mamlakatga kirib kelganidan keyingi zo‘ravonlik hodisalari tufayli” uni tashkil etish imkoni bo‘lmagan.
AQSh 2021 yil 9 dekabrda Iroqdagi jangovar missiyasini yakunladi va mamlakatda Iroq xavfsizlik kuchlariga murabbiy va maslahatchi sifatida xizmat qilish uchun 2500 askar qoldirdi. Qo‘shinlarni olib chiqib ketishni 12 oy ichida, biroq 2025 yilning sentyabridan kechiktirmay yakunlash rejalashtirilgan.