Bank of America ma’lumotlariga ko‘ra, Apple iPhone ishlab chiqarishni AQShga ko‘chirishi mumkin, ammo bu qurilma narxini deyarli ikki barobarga oshiradi va logistika bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaradi. Bu haqda Bloomberg yozmoqda.
"iPhone narxi faqat AQShda ish haqining oshishi hisobiga 25 foizga oshishi mumkin", - deydi BofA tahlilchilari.
Texnologik gigant yig‘ish uchun mahalliy ishchilarni topa olishiga qaramay, iPhone ishlab chiqarishda foydalaniladigan qismlarning salmoqli qismi baribir Xitoyda yig‘iladi va AQShga import qilinadi, deya qo‘shimcha qildi Bank of America ekspertlari. Agar Apple ushbu importlar uchun o‘zaro boj to‘lashi kerak deb taxmin qilinsa, ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, smartfonlarning umumiy narxi 90 foiz yoki undan ko‘proqqa oshadi.
"Ushbu baho prezident Donald Tramp Xitoy bilan savdo urushini boshlagan paytda berilgan. Tramp ma’muriyati o‘nlab mamlakatlarga nisbatan javob bojlarini 90 kunga to‘xtatdi, biroq Xitoy uchun tariflarni 125 foizga oshirdi. Ayni paytda Xitoy Amerika tovarlariga 84 foiz miqdorida javob bojlari joriy qildi", — deya eslatadi agentlik.
Yangilik ortidan Apple aksiyalari ko‘tarilib, 10 foizdan oshdi, bu 2020 yil iyulidan beri eng yaxshi ko‘rsatkich. Biroq 2025 yilda kompaniya aksiyalari 23 foizga tushib ketdi va Tramp 2 aprelda tariflarni e’lon qilganidan beri ular 14 foizga tushib, bozor kapitallashuvidan 479 milliard dollar yo‘qotdi.