Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Internetdagi oshiq-ma’shuqlar fojiasi: yigit o‘zi qazigan chohga o‘zi tushdi

Internetdagi oshiq-ma’shuqlar fojiasi: yigit o‘zi qazigan chohga o‘zi tushdi

TALAB

– 15 millionni 3 kunda keltirmasang, menga yuborgan surat, yozishma, ovozli va video xabarlaringni internetga qo‘yib sharmanda qivoraman, qarindoshlaringga tarqatvoraman! Ahdu paymon qilgan yigiti Rashiddan bu gapni eshitgan Bahora dastlab quloqlariga ishonmadi (ism-shariflar o‘zgartirilgan). Ko‘zlarini katta-katta ochib, savol nazari bilan qaradi:

– A?

– Ha, internetga qo‘yvoraman.

– Axir, biz turmush…

– Qanaqa turmush? – qizning so‘zini shart kesdi Rashid. – Man ahmoqmanmi senga uylanib, kim biladi yana kimlarga rasmlaringni yuborgansan?

– Men faqat sizga… yaxshi ko‘rganim uchun, aytganingizni qilish uchun yuborgandim. Boshqa hech kim bilan gaplashmaganman.

– Xullas, gap shu – yo aytilgan vaqtda pulni keltirib berasan, yo seni hammayoqqa ovoza qilaman!

– Hech qayerda ishlamasam, pulni qayerdan topaman? – Ana, Rossiyada ishlayotgan onangga ayt, sha’ning kerak bo‘lsa, yuboradi. Xayr… Sovuqda shundog‘am dildirab o‘tirgan Bahora muzladi qoldi. Endi nima bo‘ladi?..

VIRTUAL TANISHUV

Ha, ularning tanishuvi mana shunday boshlangandi. Avval “Odnoklassniki”da do‘stlashishdi, salom-aliklar bo‘ldi, so‘ng telefon raqamlar almashildi. Endi telegram orqali mehr-muhabbat ko‘rsatilar, izhorlardan iborat suhbatlar tongotargacha davom etardi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, ikki yosh biror marta yuzma-yuz ko‘rishmagan bo‘lsa-da, ko‘p yillik qadrdonlardek edi. Rashid bisotidagi bor so‘zlar bilan qizni siylar, Bahora esa orzusidagidek shirinso‘z yor topganidan boshi osmonda edi. U bilan biror daqiqa suhbatlashmasa, o‘zini suvsiz qolgan baliqdek his qilar edi. Buni sezgan Rashid ham uni asta-sekin o‘ziga bo‘ysundira boshladi. Izhorlarni yozishga vaqt kamlik qilganidan ovozli tarzda almashiladigan bo‘lishdi. Keyinchalik bu ham kamlik qildi, suratlar ulashildi. Undan keyin… “oshkoralik” suratlari so‘raldi. Bahora dastlab bu taklifni rad etsa-da, talabni bajarmasa, yigitga ishonmaslik belgisi deb tushunishi va aloqa uzilishini eshitgach, ko‘ndi-qo‘ydi. Rashidning aytishicha, hozirgi zamonaviy yoshlar to‘ygacha bir-birlari haqida “har tomonlama” ma’lumotga ega bo‘lishlari kerak va bu holat o‘zaro ishonchni mustahkamlarmish. Xullas, oshkora suratli muloqotlar ham oddiy holga aylanibgina qolmay, videolavhaga ulandi. Bo‘l degani bo‘laverganidan nafsi hakalak otgan Rashidga bu ham kamlik qildi, o‘z mobil telefonida yana bir telegram tarmog‘i ochib, unga Bahoraning raqamini kiritdi. Tegishli kompaniyadan kelgan tilsim raqamni kiritsa bo‘ldi, olam guliston – qizning barcha aloqa yozishmalarini o‘qi-i-b o‘tiradi.

– Bahora, kompaniyadan kelgan kodni aytib yubor?

– Nima uchun?

– Jami yozishmalaringni ko‘rib turmasam bo‘lmaydi, seni qizg‘onib ketayapman hammadan.

– Istasangiz, qasam ichaman.

– Unda nega yubormayapsan, aytganimni qilsang, ertagayoq ko‘rishamiz, bo‘lmasa, yaxshi qol, meni bezovta qilma…

Bahoraga usiz hayoti hozirdanoq zimiston ko‘rinib ketdi, ma’nisiz kunlarga dosh berolmasligini, buni uddalolmasligini bildi. O‘sha ondayoq kalit raqamni jo‘natdi… Shu bilan “ishonch” mustahkamlandi, shekilli, ertasigayoq diydorlashishdi. Tuman markazida ko‘rishishgach, ahdu paymonlar yanada qat’iylashdi, Rashid dam olish kuni sovchi yuborishini, bahorga to‘y bo‘lishini aytdi. Ilk uchrashuv tag‘in ajoyib kunga to‘g‘ri kelibdi – Rashidning tug‘ilgan kunida. Buni eshitgan Bahora yigitni qo‘yarda-qo‘ymay savdo do‘konlari sari boshladi, tavallud kun sohibi ham “zo‘rg‘a” rozi bo‘ldi, unga qimmatbaho qo‘lsoat va yurakchali taqinchoq hadya etdi. Navbatdagi uchrashuvda Rashidning yupunligiga rahmi kelib, kurtka va ko‘ylak olib berdi. Hademay katta ishga o‘tsa, qizning xarajatlarini qaytarishini aytib, minnatdorlik bildirdi “oshiq”. Undan keyingisida telefon apparati (buzilib qolganini aytgandi) sovg‘a qildi. Rashid ish boshlaguncha suhbatlari uzilib qolmasligi uchun paynet to‘lovlari ham qizning hisobidan bo‘ldi. Xullas, Rashid gah desa ham, demasa ham, Bahora uning kaftiga qo‘nar edi. Bu itoatkorlik yigitning anchadan beri o‘ylab yurgan hamda birin-ketin amalga oshayotgan rejasining eng so‘ngisini ro‘yobga chiqarish muddati kelganidan dalolat berardi. Barcha zarur ma’lumotlar yig‘ib bo‘lingan, sharmsiz suratlaru undan kam bo‘lmagan suhbatlar, audio va videolavhalar… Endi arqonni tez tortib olmasa bo‘lmaydi, vaqtni cho‘zishdan foyda yo‘q. Qizni qo‘rqitib, undan yaxshigina pul undira olishiga ko‘zi yetdi va yuqoridagi qarorini bildirdi: “Sharmanda bo‘lishni istamasang, pulni keltir!”.

TUZOQ DEGANLARI HAM SHUNCHA BO‘LURMI HAY-HAY?

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish – tovlamachilikdir (bunday jinoyatni sodir etish – uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi, Jinoyat kodeksi 165-moddasi birinchi bandi). Voqealar rivojiga e’tibor bergan bo‘lsangiz, Rashidning asosiy maqsadi Bahoradan mulkiy manfaat undirish bo‘lgan va buning uchun bosqichma-bosqich ravishda uning ishonchiga va ko‘ngliga kirib, sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarini yiqqan. So‘ng dalillarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib, qizdan mulkiy manfaatlar berishni talab qildi va uni bunga majburlaydigan sharoitga solib qo‘ydi. Bahoraning xatti-harakatlarini ham oqlashdan yiroqmiz, uning mentalitetimizga mos bo‘lmagan odobsizligi, ko‘ngil mayliga qulligi bois sharmni bir chetga yig‘ishtirib qo‘yishi, oiladek muqaddas qo‘rg‘onga egri yo‘llar orqali kirmoqchi bo‘lgani aslo kechirib bo‘lmaydigan holat! O‘z vaqtida yangasi ham uni bu yo‘ldan qaytarmoqqa uringan, ammo so‘zlari kor qilmagan edi. Biroq Rashidning so‘nggi tahdididan so‘ng ruhiy iztirobga tushib qolgan Bahora ming pushaymonda ekanini aytib, yangasidan madad so‘radi. Kunday ayonki, aytilgan mablag‘ni bir amallab topib-tutgani bilan hammasi yakun topmaydi, tovlamachi tovlamachiligini davom ettiraveradi. Bunga hayotda misollar juda ko‘p. Berilgan muddat – uch kun ichida biror chora topmasa, xonavayron bo‘ladi, ham molidan, ham sha’nidan, undan keyin, kerak bo‘lsa, jonidan ham ayrilishi hech gap emas. Uyqusiz tunlar ichida yangasi o‘ylab topgan reja uning zimiston ko‘ngliga oz bo‘lsa-da sham yorug‘ini tutgandek bo‘ldi: “Dastlab Rashidning tahdidini ovozli tarzda yozib olish va uni asos qilib ichki ishlarga ariza berish kerak!” Bahora darhol telefoniga ovoz yozish dasturini o‘rnatdi va Rashidga qo‘ng‘iroq qilib, fikridan qaytishini, ma’lumotlarni yo‘q qilishni iltimos qildi. Ammo yigitning dag‘dag‘asi uning o‘zaro kelisha olish umidlarini puchga chiqardi: piching va haqoratga to‘la javob (hozircha pulning kamida yarmi – 600 AQSh dollarini yetkazishi shartligi) qo‘rquvini oshirishi barobarida tegishli organga kechiktirmasdan murojaat qilish joizligini anglatdi. Shu ondayoq tuman ichki ishlar bo‘limiga borib vaziyat haqida xabar berdi.

CHOHGA O‘ZI TUSHDI

Ko‘p takrorlanadigan ibratli maqolimiz bor: “Birovga choh qazima, unga o‘zing tushasan”. Rashid ham shunday bo‘ldi. Tuman IIB jinoyat qidiruv bo‘limi o‘tkazgan tezkor tadbir davomida kelishilgan dorixona yonida so‘ralgan mablag‘ning bir qismi, ya’ni 600 AQSh dollari mikdoridagi maxsus kimyoviy ishlov berilgan pullarni Bahoradan olgan vaqtda Rashid ushlandi! Qizning fotosuratlari, audio va videoyozuvlari saqlanayotgan mobil telefoni daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirildi. Sud hukmi bilan sudlanuvchi Rashid Abdukarimov Jinoyat kodeksining 165-moddasi birinchi kismi bilan aybli deb topildi va mazkur modda talabi bilan unga 4 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi. Jazo talabiga kiradigan qo‘shimcha cheklovlarga muvofiq bu muddatda yashash joyidan har kuni kech soat 22:00 dan ertalab soat 07:00 gacha chiqmaydi, nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash va ish joyini o‘zgartirmaydi, alkogol va spirtli ichimliklar iste’mol qilmaydi, kafe, bar va restoranlarga bormaydi. Eng muhimi, internetdan foydalanmaydi! Uning xulqi ustidan tuman IIO probasiya bo‘limi nazorat olib boradi.

AHVOLIMIZ YOXUD SO‘NGSO‘Z O‘RNIDA

Ba’zida qisqalikni har qancha istasak-da, sudgacha bo‘lgan voqealarni batafsil bayon etishga to‘g‘ri keladi. Ayrim o‘quvchilarimizda “Sud bo‘lib, jazo tayinlangandan keyin endi nima keragi bor, jabrlanuvchi ham aybdor-ku?” kabi e’tirozlar tug‘ilishi tabiiy. Biz ham buni inkor etmagan holda istardikki, bugungi ahvolimizni yaqqol ko‘rsatib qo‘ygan mazkur jinoiy ish ortda qolgan bo‘lsa-da, bunaqasi boshqa bo‘lmasin! Yozganlarimizni o‘qigan ota-onalar qizlariga telefon berishdan oldin obdon o‘ylab ko‘rishsin, bu matoh bir kuni cho‘qqa aylanib, dilbandlarining nozik qo‘llarini kuydirib qo‘yishidan asrasin. Oypopuklar ham undan faqat zarur bo‘lsagina foydalansin, bilib-bilmay ijtimoiy tarmoqlarning qarmog‘iga tushib qolmasin. Ana shunda Rashiddek soxta oshiqlar chirkin murodiga yetolmay qolishadi! Buning uchun birgina yo‘l kifoya – ahvolimizga yana bir nazar tashlaylik.

Habibulla CHINIYEV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tumani sudi raisi

Nurxon ELMIRZAYEVA,
jurnalist

(Maqolada keltirilgan ism-shariflar o‘zgartirilgan).

Manba: hudud24.uz

Kiritildi: 17:58 14.01.2021. O'qildi: 8536 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!