15 mart kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Majidov respublika oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan onlayn muloqot o‘tkazdi. Bu haqda vazirlikning Telegramm ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy kanalida xabar berildi.
Muloqotda joylardagi studiyalardan turib barcha oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan nogironligi bo‘lgan, yetimlik hamda chin yetimlikda o‘sgan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, iqtidorli va tashabbuskor talabalar qatnashdi.
Uchrashuvda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ularni ilm-fanga jalb etish, intellektual salohiyatini namoyon qilishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari haqida suhbatlashildi.
Ikki soatdan ko‘proq vaqt davom etgan muloqotda vazir talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Xususan, o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, to‘lov-kontrakt asosida o‘qish shartlari hamda stipendiya, imkoniyati cheklangan va nogironligi bor talabalarning o‘qishi, turarjoy va maxsus adabiyotlar bilan ta’minlanishi, xorijda ta’lim olish hamda boshqa mavzularda qiziqarli muloqot bo‘lib o‘tdi.
Onlayn muloqotda yoshlar oldidan chiqadigan to‘siqlarni aylanib o‘tishga emas, balki ularni yengib o‘tishga odatlanishlari kerakligi, hozirgi paytda talabalar uchun imtiyozlar ko‘pligi, kelgusida ularning soni oshirilishi, biroq imtiyozlarga tayanib qolish kelajakda mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishga to‘sqinlik qilishi mumkinligi ta’kidlandi.
Suhbat yakunida talabalar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar to‘liq ko‘rib chiqilishi bildirildi.
Manba: xs. uz