Yurak xurujini o‘tkazgan bemorlarda ko‘pincha kasallikdan so‘ng zararlangan mushaklar o‘rni chandiq bilan qoplanadi. Bu esa yurakning organizmga qon haydash qobiliyatini zaiflashtiradi va yurak yetishmovchiligini yuzaga keltiradi.
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, olimlar tomonidan jonivorlarda o‘tkazilgan tajriba jarayonida suyak ko‘migining immun hujayralari GPR39 molekulasi bilan birgalikda yurak faoliyatini tiklashga yordam beruvchi GPNMB oqsili ishlab chiqarishi ma’lum bo‘ldi.
Sinov chog‘ida quyidagi tahlillar qo‘lga kiritildi: infarktdan keyin bir oy o‘tgach, GPNMB oqsilidan mahrum bo‘lgan hayvonlarning 67 fozida yurak sohasida kuchli chandiqlar kuzatildi.Oqsil darajasi me’yorida bo‘lgan jonivorlarda esa bu ko‘rsatkich atigi 8 foizni tashkil etdi.
Tadqiqotchilar xulosasiga ko‘ra, ushbu yangilikdan yurak xuruji asoratlarini bartaraf etuvchi yanada samarali dori vositalarini yaratishda foydalanish mumkin.