Bu haqda Forbes Real Time Billionaires reytingi ma’lumotlarida keltirilgan. Maskning boyligi oshishiga SpaceX va Tesla aksiyalari narxi keskin ko‘tarilgani sabab bo‘ldi.
5 oktyabr, dushanba kuni Maskning boyligi 2 oktyabr, juma kungi savdolar yopilgan paytdagiga nisbatan 30,6 milliard dollarga oshdi. 55 yoshli tadbirkor shu tariqa yana trillionerlar qatoriga qaytdi. Forbes reytingida ikkinchi o‘rinda turgan Amazon asoschisi Jeff Bezosning boyligi esa 371,5 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Maskni boyligining oshishiga Tesla'ning ijobiy natijalari turtki berdi. Kompaniyaning uchinchi chorakdagi avtomobil yetkazib berish ko‘rsatkichlari tahlilchilar kutganidan yuqori chiqdi. Natijada juma kunining o‘zida Maskning boyligi 61 milliard dollarga ko‘paydi. Dushanba tongida Tesla aksiyalari yana o‘sishda davom etdi.
SpaceX aksiyalariga ham talab oshgan. Bunga AQShning yirik investisiya banklaridan biri — Morgan Stanley'ning ijobiy prognozi sabab bo‘lgan. Bank tahlilchilari kompaniya aksiyalari haqiqiy qiymatidan past baholanayotganini bildirgan. Starship kosmik kemasining orbitaga muvaffaqiyatli chiqishi ham investorlar ishonchini oshirgan.
Bundan tashqari, Maskning SpaceXAI nomini SpaceXSI deb o‘zgartirish haqidagi bayonoti investorlar e’tiborini tortdi. Bu qaror AQSh prezidenti Donald Tramp rasmiy hujjatlarda “sun’iy intellekt” atamasini “superintellekt” bilan almashtirish to‘g‘risida farmon imzolaganidan keyin qabul qilingan.
Mask ilk bor 12 iyun kuni tarixdagi birinchi trillionerga aylangan edi. Bu SpaceX aksiyalarini birjada ommaga sotuvga chiqarganidan keyin yuz bergan. IPO, ya’ni kompaniya aksiyalarining birinchi marta ochiq bozorda sotilishi vaqtida SpaceX'ning qiymati 1,77 trillion dollarga baholangan. Mask trillioner maqomini qariyb ikki hafta saqlab qolgan.