SpaceX asoschisi Ilon Mask AQShdagi oraliq saylovlarda Respublika partiyasi nomzodlarini qo‘llab-quvvatlash uchun taxminan 446 million dollar sarflaganidan afsusda ekanini bildirdi. Respublikachilar mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng u vaqtni ortga qaytarish imkoni bo‘lganida, saylov kampaniyasiga ancha kam mablag‘ ajratgan bo‘lishini tan oldi.
«Shuncha pul sarflab, evaziga deyarli hech narsa olmaganim uchun o‘zimni ancha ahmoqdek his qilyapman», — dedi Mask The New York Times nashri tomonidan tashkil etilgan DealBook sammitida jurnalist Endryu Ross Sorkinga bergan intervyusida.
Uning ta’kidlashicha, AQShdagi saylovlar faqat pul sarflash orqali g‘alabaga erishib bo‘lmasligini ko‘rsatdi.
Mask mazkur saylovlardagi eng yirik xususiy donorga aylangan edi. U, ayniqsa, Tesla va SpaceX kompaniyalari shtab-kvartiralari joylashgan Texas shtatidagi saylov kampaniyalariga katta mablag‘ yo‘naltirgan.
Biroq respublikachilar Kongressdagi o‘rinlarini yo‘qotdi. Texasda ham muhim saylovlarda mag‘lubiyatga uchradi: demokrat Jeyms Talariko Senat saylovlarida, Jina Inoxosa esa gubernatorlik saylovlarida g‘alaba qozondi.
Respublikachilar mag‘lubiyatidan keyin Mask Donald Tramp bilan bog‘liq MAGA harakatidan ham o‘zini biroz uzoqlashtirishga urindi. U o‘zini mo‘’tadil siyosiy qarashlarga ega shaxs deb atab, Respublika partiyasining dasturini ko‘r-ko‘rona qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi.