Bugun 14 noyabr, 2024 yil, payshanba

КИР

IKKI XIL FAMILIYa BO‘LISHI SUD ISHIGA TA’SIR QILADIMI?

IKKI XIL FAMILIYa BO‘LISHI SUD ISHIGA TA’SIR QILADIMI?

— Birinchi turmushimdan ajrashganman. Lekin familiyam o‘zgarmagan. Sobiq erim alimentni kamaytirish uchun sudga qizlik familiyam bilan ariza bergan. Yaqinda sud bo‘lishi kerak. Pasportda boshqa, arizada boshqa familiya bo‘lishi sud ishiga ta’sir qiladimi?
Ismi sir tutildi

Jasur Sirojev, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi rais o‘rinbosari:
— Oila kodeksining 46-moddasiga asosan, nikohga kirish vaqtida o‘z familiyasini o‘zgartirgan er (xotin) nikohdan ajratilgandan keyin ham shu familiyada qolishga haqli yoxud uning xohishiga binoan sud tomonidan nikohdan ajratish to‘g‘risidagi qaror chiqarilayotganda unga nikohgacha bo‘lgan familiyasi qaytarilishi mumkin.
Demak, er yoki xotinning roziligi hamda sud jarayonidagi iltimosiga asosan, er (xotin) nikohdan ajratilgandan keyin ham shu familiyada qolishga haqli yoxud o‘zgartirishi mumkin.
Oila kodeksining 105-moddasiga asosan, aliment to‘layotgan ota-onaning boshqa voyaga yetmagan bolalari bo‘lib, undan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirilganda o‘sha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq ta’minlanib qoladigan bo‘lsa, shuningdek aliment to‘layotgan ota (ona) nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib, moddiy jihatdan qiynalib kelayotgan bo‘lsa yoki aliment olayotgan shaxs mustaqil daromadga ega bo‘lgan taqdirda, aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkin.
Bundan tashqari, Fuqarolik prosessual kodeksining 46-moddasiga asosan, sud da’vo bo‘yicha javob berishi lozim bo‘lmagan shaxsga nisbatan da’vo taqdim etilganligini aniqlasa, hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar da’vogarning roziligi bilan ishga daxldor bo‘lmagan javobgarni ishga daxldor javobgar bilan almashtirishga yo‘l qo‘yishi mumkin.
Bunday holatda, sud sobiq turmush o‘rtog‘ingiz arizasiga ko‘ra, agarda da’vo arizasida nikohgacha bo‘lgan familiyangiz ko‘rsatilgan bo‘lib, sizga tegishli shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarda boshqa familiya ko‘rsatilgan bo‘lsa, sud javobgar ariza bo‘yicha, aynan bir shaxs ekanligiga aniqlik kiritishi va taqdim etilgan hujjatlar doirasida ishni ko‘rishi lozim bo‘ladi.

Kiritildi: 11:58 06.03.2023. O'qildi: 1406 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!