Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Xamrdan chetda bo‘linglar! Chunki, u iflosliklarning onasidir. Sizlardan oldin o‘tganlardan bir kishi bor edi. Bir buzuq ayol unga ilashib qoldi. U uning oldiga o‘z xizmatchi qizini yuborib, guvohlikka o‘tishini so‘radi. Erkak u (qiz) bilan ketdi. (Uyga kirilgach) u qaysi bir eshikdan kirsa, qiz eshikni mahkam berkitib boraverdi.
Oxiri bir go‘zal ayol huzuriga yetib bordi. Uning oldida bir g‘ulom va bir idishda xamr turar edi. Ayol: «Allohga qasamki, men seni guvohlikka chaqirganim yo‘q. Ammo seni menga yaqinlik qilishing yoki manavi idishdagi xamrdan bir qadah ichishing yoki manavi g‘ulomni o‘ldirishing uchun chaqirdim», dedi. Erkak: «Menga manavi xamrdan bir qadah ichir», dedi. Ayol unga ichirdi.
Erkak: «Menga yana beringlar», dedi. O‘sha yerning o‘zida u (ayol)ga yaqinlik ham qildi, jonni ham o‘ldirdi. Demak, xamrdan uzoqda bo‘linglar! Allohga qasamki, albatta, u abadulabad iymon bilan jam bo‘la olmas. Agar ikkisi jamlanib qolsalar ham biri ikkinchisini chiqarib yuborur», dedi».
Boshqa bir rivoyatda: «Jannatga minnatchi ham, oq qilingan ham, xamrni surunkali ichuvchi ham kirmas», deyilgan (Ikkisini Nasoiy rivoyat qilgan).
Sharh: Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan qilingan birinchi rivoyatda u kishi xamrdan ogohlantiruvchi ajoyib gaplariga o‘tgan ummatlarda bo‘lib o‘tgan ibratli bir qissani ham keltirmoqdalar.
«Xamr»dan chetda bo‘linglar! Chunki, u iflosliklarning onasidir». Ha, xamr bor joyda ifloslikning barcha turi ham bo‘ladi. Ona asl bo‘lib, undan hamma bolalar tug‘ilganidek, xamr ham iflosliklarning onasi bo‘lib, undan barcha iflosliklar kelib chiqadi. Bunga oddiygina bir misol keltirilsa, tushunish oson bo‘ladi.
«Sizlardan oldin o‘tganlardan bir kishi bor edi». U o‘z ibodati, taqvosi, harom-xarishdan uzoqligi bilan shuhrat topgan edi.
«Bir buzuq ayol unga ilashib qoldi». Odatda iflos xulqli ayollar halol-pok erkaklarni yo‘ldan urishni o‘ziga maqsad qilib olgan bo‘ladi. Chunki o‘zlariga o‘xshash iflos erkaklar ularga sherik bo‘lgani uchun e’tiborlarida bo‘lmaydi. Halol-pok, to‘g‘ri erkaklarni yo‘ldan urish uchun pastkash ayollar har xil hiyla-nayranglarni ishga soladilar.
«U uning oldiga o‘z xizmatchi qizini yuborib, guvohlikka o‘tishini so‘radi». Buzuq ayol taqvodor kishining oldiga o‘zi bormay, xizmatchi cho‘ri qizini yubordi va mazkur kishidan savobli bir ish qilishni, guvohlikka o‘tishni iltimos qildi. Uning bunday ish tutishidan nihoyatda pixini yorgan makkora ayol ekani ko‘rinib turibdi. Agar o‘zi haligi kishining oldiga borsa, yurish-turishi, gap-so‘zi va boshqa omillardan kimligi fosh bo‘lib, taqvodor erkak undan o‘zini olib qochishi mumkin. Cho‘ri qizni yuborganda esa ayolning kimligi sir qoladi. Buning ustiga, cho‘risi bor ayol obro‘-e’tiborli, sharafli va ko‘chaga chiqishni ep ko‘rmaydigan mastura ayol bo‘lsa kerak, deb o‘ylaydi odam. Guvohlikka o‘tishni so‘rash ham savob uchun har narsaga tayyor turgan taqvodor insonni ishontirishning oson yo‘li. Buzuq ayolning hiylasi ish berdi.
«Erkak u (qiz) bilan ketdi. (Uyga kirgach) u qaysi bir eshikdan kirsa, qiz eshikni mahkam berkitib boraverdi». Guvohlikka o‘tib savobli ish qilaman, degan umidda taqvodor erkak buzuq ayolning cho‘ri qiziga ergashib, uning uyi tomon yo‘l oldi. Uyga yetib borganlaridan keyin ichkariga kira boshladilar. Ichkarida xonalar, xonalarda eshiklar ko‘p ekan. Taqvodor erkak har bir eshikdan o‘tganidan so‘ng cho‘ri qiz haligi eshikni mahkamlab, qayta ochilmaydigan qilib berkitib bordi. U bu bilan o‘z oyimining amrini bajarar, taqvodor erkakni uydan qayta chiqib keta olmaslik chorasini ko‘rar edi.
«Oxiri bir go‘zal ayol huzuriga yetib bordi. Uning oldida bir g‘ulom va bir idishda xamr turar edi». Guvohlikka o‘tib savob kasb qilaman, degan niyatda cho‘ri qizga ergashib kelgan sodda taqvodor yurib-yurib, ketma-ket eshiklardan o‘tib-o‘tib, o‘ziga oro berib, ko‘rgan kishining ko‘zini qamashtiradigan suvratga kirib olgan go‘zal ayolning oldidan chiqdi. Ayol yolg‘iz o‘zi emasdi.
Uning yonida bir yosh qul-g‘ulom turardi. Nariroqda esa, bir idishda xamr ham qo‘yilgan edi. Taqvodor kishi hayron qolib turgan edi. Makkora ayol gapni cho‘zib, imo-ishorali so‘zlar tanlab o‘tirmasdan birdaniga asl maqsadini aytib qo‘yaqoldi. Ayol: «Allohga qasamki, men seni guvohlikka chaqirganim yo‘q. Ammo seni menga yaqinlik qilishing yoki manavi idishdagi xamrdan bir qadah ichishing yoxud manavi g‘ulomni o‘ldirishing uchun chaqirdim», dedi».
Buzuq ayol avval taqvodor kishiga uni aldagani haqida xabar berdi. «Allohga qasamki, men seni guvohlikka chaqirganim yo‘q», dedi. Unga o‘xshash ustasi faranglar kezi kelganda qasam ichishni ham joyiga qo‘yishadi. Shu bilan birga, yolg‘on to‘qiganini ham tan olishadi. Ushbu buzuq ayol ham shundoq qildi. Allohning nomi ila qasam ichib u kishini aldaganini yuziga ochiq aytdi.
So‘ngra asosiy maqsadga o‘tdi: «Ammo men seni menga yaqinlik qilishing yoki manavi idishdagi xamrdan bir qadah ichishing yoki manavi g‘ulomni o‘ldirishing uchun chaqirdim», dedi».
Makkora ayol ushbu gunohlarni taqvodor kishiga taqdim qilishda ham o‘ta nozik joylarigacha hisobga olib, ustalik bilan gapirdi. Birinchi o‘ringa o‘zining asosiy maqsadini, ya’ni shahvatini qondirish ishini qo‘ydi. Mabodo “xo‘p” deb qolsa, hech qanday ovoragarchiliksiz maqsad hosil bo‘ladi, deb o‘yladi. Ikkinchi o‘ringa bir qadah xamr ichishni qo‘ydi. U idishdagi hamma xamrni ichasan, demadi. Unda taqvodor kishi mast bo‘lib qolib, boshqa ishlarni ham qilib qo‘yishdan qo‘rqib, aynib qolishi mumkin. Faqatgina bir qadah ichasan deyilganda esa, erkak nazar-pisand qilmasligi mumkin. Uchinchi o‘ringa og‘ir ishni, g‘ulomni o‘ldirishni qo‘ydi.
Bu taklif taqvodor kishini qiyin holga qo‘ydi. Ushbu uch ishdan birini qilishga majbursan, boshqa ilojing yo‘q, degandek qildi. Taqvodor kishi o‘ylanib qoldi. Qochib ketay desa, barcha eshiklar mahkam berkitilganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib keldi. Qochishning umuman iloji yo‘q. Qarshilik ko‘rsatish imkoni ham yo‘q. Birovning uyida xilvat joyda, uy egasining qul va cho‘rilari orasida turibdi. Zino qilay desa, katta gunoh qilgan bo‘ladi. G‘ulomni o‘ldiray desa, begunoh bir jonni behudadan-behudaga o‘ldirish hech mumkin emas. Osoni, birovga zarar yetmaydigani – bir qadah xamrni ichish. Majburlikdan bir qadah xamrni ichsa, ichibdi-da. Keyin, tavba qilsa, kechirilib ketar. Ushbu fikrlarni xayolidan o‘tkazib bo‘lib: «Menga manavi xamrdan bir qadah ichir», dedi».
U o‘zicha masalani hal qilishning eng to‘g‘ri yo‘lini topgandek bo‘ldi. Bir qadah xamrni ichadi-da, qutiladi. Ayol xuddi mana shu gapni kutib turgan edi. «Ayol unga ichirdi». O‘zi aytganidek, bir qadahgina xamr ichirdi. O‘sha ichilgan bir qadah xamr erkakning ichiga kirgandan keyin unga o‘z ta’sirini o‘tkaza boshladi. Bir qadah ichganidan keyin yana ichgisi kelib qoldi. Erkak: «Menga yana beringlar», dedi».
Endi buzuq ayolning o‘ziga emas, o‘sha yerda turganlarning hammasiga xitob qila boshladi. Xamrdan ko‘proq ichish payiga tushib qoldi. U xamrni icha-icha o‘zini bilmaydigan darajada mast bo‘lib qoldi. «O‘sha yerning o‘zida u(ayol)ga yaqinlik ham qildi, jonni ham o‘ldirdi».
Mastlikda bilmay mazkura buzuq ayol bilan zino ham qildi. Haddidan oshib, mastlikda quturib ketib g‘ulomni ham o‘ldirdi. Iflosliklarning onasi bo‘lmish xamrga yaqin bo‘lgani uchun iflosliklarning hammasini qildi. Ha, azizlar, «Demak, xamrdan uzoqda bo‘linglar!» Kim unga yaqinlashsa iflosliklarning onasiga, koniga, uyasiga yaqinlashgan bo‘ladi. Natijada ko‘p narsalardan, hattoki, inson uchun eng aziz narsa bo‘lgan iymondan ham ajrab qolishi mumkin.
«Allohga qasamki, albatta, u abadulabad iymon bilan jam bo‘la olmas». Xamr bor joyda iymon bo‘lmas, iymon bor joyda xamr bo‘lmas. Bu ikki narsa bir-biriga mutlaqo zid narsalardir.
«Agar ikkisi jamlanib qolsa ham biri ikkinchisini chiqarib yuborur». Shuning uchun ham Ahli sunna val jamoa aqidaviy mazhabida xamr ichuvchi xamr ichganida iymoni tashqariga chiqib turadi, deyiladi.
Xamrning yomonligi haqida bundan ortiq, bundan ta’sirli ogohlantirish bo‘lmasa kerak. Alloh taolo xamrga mubtalo bo‘lgan bandalarga insof bersin, ularni iflosliklarning onasi changalidan qutqarishga O‘zi yordam bersin.
Endi ijozatingiz ila ikkinchi rivoyat haqida ham ikki og‘iz sharh so‘zlari gapirib o‘taylik. Unda «Jannatga minnatchi ham, oq qilingan ham, xamrni surunkali ichuvchi ham kirmas», deyilgan».
Ushbu rivoyatda jannatga kirmaydiganlar, ya’ni, do‘zaxga kiradiganlardan uch toifasi haqida so‘z ketmoqda.
1. Minnatchi. O‘zining qilgan yaxshiliklarini minnat qiladigan kishilar Qur’oni karimda ham, Payg‘ambar alayhissalomning sunnatlarida ham ko‘pdan-ko‘p tanqidlarga uchraganlar, ularga turli alamli azoblar va’da qilingan. Bu hadisi sharifda esa ular jannatga kirmasliklari ta’kidlanmoqda. Alloh taolo: «Sadaqalaringizni minnat va ozor ila botil qilmang», degan. Minnat qilish haromdir. Faqat ota o‘z bolasiga, ustoz o‘z shogirdiga va er o‘z xotiniga minnat qilsa, ularning haqlari ulug‘ligidan joiz hisoblanadi.
2. Oq qilingan. Ota-onasiga oq bo‘lish qanchalik og‘ir gunoh ekanini gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi. Oq bo‘lish tufayli jannatga kirish mumkin bo‘lmay qolishining o‘zi bu ishning nima ekanini ochiq ko‘rsatib turibdi.
3. Xamrni surunkali ichuvchi. Demak, xamrni surunkali ichish ham minnatchi va ota-onasiga oq bo‘lganning gunohi bilan barobar ekan. Shuning uchun ham ularga qo‘shilib do‘zaxga kirar ekan. Alloh taolo bunday dahshatli oqibatdan O‘zi asrasin.
Hadis va Hayot”, 16-17-juzlar