Bugun 1 may, 2024 yil, chorshanba

КИР

Iffatni toptayotgan moda

Iffatni toptayotgan moda

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ochiq-sochiq kiyinish, ayrimlar da’vo qilayotgandek, erkinlik yoki taraqqiyotni anglatmaydi. Balki bu qoloqlikning, madaniyatsizlikning belgisidir. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

Ilgarigi johiliyatning ochiq-sochiqligi kabi ochiq-sochiq yurmang (Ahzob surasi, 33-oyat).

Ey Odam bolalari! Shayton ota-onangizni avratlarini o‘zlariga ko‘rsatish uchun ustilaridan liboslarini yechib, jannatdan chiqarganidek, sizni ham fitnaga solmasin. Albatta, u va uning to‘dasi sizni siz ko‘rmaydigan tomondan ko‘radi. Biz, albatta, shaytonlarni iymon keltirmaydiganlarga do‘st qilganmiz. Qachon biror fahsh ish qilsalar: Ota-bobolarimizni shuning ustida topdik va buni bizga Alloh buyurgan , derlar (A’rof surasi, 27 28-oyatlar).

Albatta, ayol kishining tashqi ko‘rinishi muhim ahamiyatga ega, ya’ni go‘zal bo‘lishi lozim, zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek: Albatta, Alloh go‘zaldir, go‘zallikni sevadi . Lekin bu ichki olam go‘zalligiga, axloqiy ziynatga hamohang kechishi darkor.

Alloh taolo ayollarga ziynatni harom qilmagan:

Sen: Alloh O‘z bandalariga chiqargan ziynatlarni va pokiza rizqlarni kim harom qildi?! deb ayt. Sen: Ular dunyo hayotida iymon keltirganlarga, qiyomat kunida esa faqat o‘zlariga xosdir , deb ayt (A’rof surasi, 32-oyat).

Biroq shunisi aniqki, qiz bolaning egnidagi libos uning shaxsiyati, ma’naviyati va ichki dunyosining in’ikosidir. Qalbim pok bo‘lsa bo‘ldi-da , degan da’vo bilan yarim yalang‘och kiyinib yurish quruq da’vo, o‘z-o‘zini aldashdan boshqa narsa emas.

Ayol kishiga insoniy xususiyatlari, ruhiy va axloqiy go‘zalliklari, shaxsiyati, hatto libosi ham bir chetda qolib, faqat quruq huzurbaxsh jismdan iborat deb qarash, u bilan shu asosda muomalada bo‘lish uni tahqirlashdan o‘zga narsa emas.

Moda borasidagi xatarli jihatlar:

Birinchi: Taqlid.

Hozirgi kunda ko‘plab xotin-qizlarimiz o‘z milliy kiyimlarimizdan voz kechib, kiyingan-kiyinmaganining, hatto erkak yoki ayolligining ham farqiga borib bo‘lmaydigan yarim-yalang‘ochlarga ergashib ketishmoqda.

Ikkinchi: Hoy havas, isrof va sovurish.

Har bir mavsumga xos kiyimlar, rang-barang va turli ko‘rinishdagi modellar, urfdagi liboslarni namoyish etuvchi telekanallar, boshqa ko‘pgina telekanallardagi liboslar reklamasi bilan shug‘ullanuvchi ko‘rsatuv va dasturlar, elektron saytlar bularning barchasi aslida isrofning bir ko‘rinishidir. Misol uchun, Stil nomli birgina sayt dunyodagi 250 ta moda uyini o‘z ichiga olgan. Ushbu saytning asosiy maqsadi bazm libosidan tortib, cho‘milish libosigacha, kiyinish usullarini, ya’ni ayollarning tashqi ko‘rinishlarini boshqarishdir.

Biz, har sohada Yevropaga taqlid qilishga, moda ketidan quvishga o‘rganib qolgan xalqlar esa mazkur moda uylaridan nima uloqtirilsa, o‘shani shavqu zavq bilan, ko‘zimizga surtib sotib olmoqdamiz. Chunki odamlar bizni qoloq, madaniyatsiz deb ayblashlarini , sharmanda bo‘lishni xohlamaymiz da. Biz iste’molchi qora bozor vakillari bo‘lganimiz uchun moda uylari o‘z ishlab chiqargan mahsulotlarini bir chekkadan bozorlarimizga, do‘konlarimizga to‘kib tashlaydi. Biz esa, go‘yoki ularni sotib olishga majburmiz. Kiyinishga bo‘lgan bunday ko‘r-ko‘rona munosabat moddiy imkoniyatlarimizni, mol dunyomizni sovurmoqda. Bu hol ortiqcha sarf-xarajat, isrofgarchilik, kibr kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Hatto qizlarimiz bir marta kiygan libosini boshqa munosabat bilan ikkinchi marta kiyishdan uyaladigan bo‘lib qolishdi. To‘ylar, bayram kechalari, turli yig‘inlar liboslar ko‘rgazmasiga aylanib ulgurdi.

Uchinchi: Suratparastlik.

Biz yashayotgan ushbu asrda kompyuter texnologiyalari sohasida, idora qilish uslubida, turli-tuman ma’lumotlar to‘plashda, ilm-ma’rifat sohasida foydali yangiliklar nihoyatda ko‘paydi. Biroq tashqi ko‘rinishda ko‘r-ko‘rona taqlid qilish asr bilan hamnafas bo‘lish degani emas. Balki hamnafaslik davr ruhiyatini tushunish, uning eng olis qirralarini da bilish, haqiqiy, foydali, ilmiy, asos narsalarga ehtimom berish bilan bo‘ladi, yuzakilik, shaklu shamoilni o‘zlashtirish bilan bitmaydi.

Biz musulmon bo‘lmagan xalqlarning o‘z millatiga xos libos va kiyimlarga alohida e’tibor berishlarini ko‘ramiz. Hatto safarda ham, boshqa yurtlarga ko‘chib borsalar ham, o‘zlarining milliy kiyimlarini tark etishmaydi. Ular, ayniqsa kiyinish borasida boshqalarga taqlid qilishni yoqtirmaydilar, o‘z madaniy va ijtimoiy xususiyatlarini muhofaza qiladilar. Ammo musulmonlarga nima bo‘lganki, qadimdan bobo-momolaridan meros bo‘lib kelayotgan milliy liboslarni faqatgina festivallarda, milliy bayramlarda kiyiladigan kiyimlarga aylantirib olishgan.

To‘g‘ri, bu bilan biz qiz bola momosining kiyimini kiyishi shart, demoqchi emasmiz. Islom ma’lum bir rangni yoki maxsus bir libosni kiyishni farz qilmaydi. Biroq u kiyimda ma’lum sifatlar bo‘lishini shart qiladi va o‘z tobelaridan ongli bo‘lishni talab qiladi.

Libos inson tanasini issiq va sovuqdan to‘sadigan bo‘lishi, avrat sanaladigan a’zolarni berkitadigan bo‘lishi, shahvatni qo‘zg‘atishga sabab bo‘lmasligi shart.

Batahqiq, sizlarga avratingizni to‘sadigan libos va ziynat libosini nozil qildik. Taqvo libosi ana o‘sha yaxshidir (A’rof surasi, 26-oyat).

Islomda libos qarshi jinsdagilarning jinsiy maylini qo‘zg‘atmaydigan, badanning shaklini, rangini bildirib turmaydigan, tanadagi a’zolarni bo‘rttirib ko‘rsatmaydigan bo‘lishi lozim. Aks holda kiyimdan ko‘zlangan asosiy maqsad avratlarni to‘sish ro‘yobga chiqmaydi. Faqat yotoqxonada kiyiladigan kiyimlarga bu kabi shartlar qo‘yilmaydi. Zotan, libos hayoga, iffatga, erkak va ayol o‘rtasidagi aloqalarning sof insoniy suratda kechishiga undashi kerak. Shuning uchun ham iffat asosida kiyinish baxt saodat ruhini aks ettiradi.

Islom.uz

Kiritildi: 16:30 18.04.2019. O'qildi: 2778 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!