Bugun 15 may, 2025 yil, payshanba

КИР

Ichki turizmning rivojlanishini baholashga qaratilgan oflayn so‘rov o‘tkazildi

A A A
Ichki turizmning rivojlanishini baholashga qaratilgan oflayn so‘rov o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari ichki turizmning rivojlanishini baholashga qaratilgan oflayn so‘rov o‘tkazdi.

So‘rovda barcha viloyatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridan jami 3172 nafar respondent ishtirok etdi. Ularning 1708 nafarini erkaklar, 1464 nafarini esa ayollar tashkil etadi.

So‘rov natijalari mamlakatimizning to‘rtta hududi - Samarqand (13,4 foiz), Buxoro (9,6 foiz), Toshkent (10,6 foiz) viloyatlari va Toshkent shahri (16,8 foiz) da ichki turistik oqim eng yuqori darajada ekanligini ko‘rsatdi. Sirdaryo viloyati (1,0 foiz) bu borada eng oxirgi o‘rinni egalladi.

Respondentlarning 63,8 foizi yilda bir marotaba, 9,8 foizi har uch oyda bir marotaba, 1,9 foizi oyiga kamida bir marotaba sayohat qilishini qayd etgan bo‘lsa, umuman sayohat qilmasligini bildirganlar ulushi 23,4 foizni tashkil etdi.

Mamlakat bo‘ylab sayohat qiluvchilar asosan o‘z shaxsiy avtomobilidan foydalanishi (34,9 foiz) ma’lum bo‘ldi. Ichki sayyohlarning 27,8 foizi taksini, 12,2 foizi poyezdni, 7,3 foizi samolyotni afzal biladi.

Respondentlarning asosiy qismi, aniqrog‘i 58,5 foizi tunab qolish uchun mehmon uylarini tanlashini, 10,9 foizi xostellardan, 27,3 foizi mehmonxonalardan, 3,2 foizi chodirlardan foydalanishini qayd etgan.

Sayohatga chiqishingizga nima to‘sqinlik qiladi, degan savolga so‘rovda qatnashganlarning 36,4 foizi "O‘zbekiston bo‘ylab sayohatga chiqish uchun hech qanday to‘siq yo‘q", 9,2 foizi "qaramog‘imda parvarishga muhtoj farzandlar va keksalar bor", 0,8 foizi "ichki sayohat o‘ziga jalb qilmaydi", deb javob bergan. Respondentlarning 48,1 foizi ichki sayohat hozircha uy xo‘jaligining kun tartibida yo‘qligini ta’kidlagan.

So‘rov natijalari ichki sayyohlarning kattagina qismi (22,8 foiz) ziyorat maqsadida safarga chiqishini ko‘rsatdi. Sayohatchilarning 15,7 foizini madaniy va ma’rifiy turizm, 14,0 foizini oilaviy turizm, 11,0 foizini tog‘ kurortlari, 9,7 foizini xizmat safarlari, 7,5 foizini ta’lim va talabalar turistik almashinuvi, 3,9 foizini ekoturizm, 1,5 foizini ishbilarmonlik turizmi, 1,2 foizini plyaj turizmi, 1,1 foizini sport turizmi, 1,1 foizini agroturizm o‘ziga jalb qilishi ma’lum bo‘ldi. Ekstremal turizmga qiziqadiganlar ulushi esa bor-yo‘g‘i 0,5 foizni tashkil etdi.

Respondentlarning aksariyati, ya’ni 61,6 foizi sayohatlar uchun chegirmalar berish, 15,1 foizi parvarishga muhtoj bo‘lganlar uchun maxsus ijtimoiy paketlar tashkil qilish, 9,3 foizi sayohat uchun kreditlar berish, 5,1 foizi boshqa sayohat turlarini tashkil e’tish lozimligini ta’kidlagan.

Kiritildi: 17:33 24.02.2025. O'qildi: 1032 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!