Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1991 y.t. shaxs Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelgan 1 kg. 524 gr. “gashish” giyohvandlik vositasini 240 mln. so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Yozyovon tumanida qayd etilgan holatda, “Farg‘ona-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan - Toshloq tumanida yashovchi, 1986 y.t., muqaddam bir necha marotaba sudlangan fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada, transport vositasi saloniga yashirib qo‘yilgan 799 dona “Zardeks” va 40 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham 1679 dona “Zardeks” va 48 dona “Tropikamid” hujjatlashtirib olindi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, uning yaqin aloqasi, Marg‘ilon shahrida istiqomat qiluvchi, 1987 y.t. shaxsning Farg‘ona shahridagi vaqtincha yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, 2239 dona “Lirika” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi ma’lum bo‘ldi.
O‘tkazilgan tergov harakatlari davomida, ushbu dori vositalarini Farg‘ona tumanida yashovchi, 2001 y.t. fuqaro Qirg‘iz Respublikasidagi noma’lum shaxslardan qabul qilib olganligi aniqlanib, u ham qo‘lga olindi.
Xizmatning Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Samarqand-Xorazm” yo‘nalishida narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi - Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1960 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan fuqaro hamda uning 1980 y.t. sherigi o‘zaro til biriktirib, Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 802 gr. “opiy” moddasini sotmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Urganch shahrida kuzatilgan holatda, Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 2000 y.t. shaxs va Urganch shahrida yashovchi, 1987 y.t. fuqaro o‘zaro kelishgan holda 499 gr. “opiy” va 12 gr. “geroin” giyohvandlik vositalarini 11 500 AQSh dollariga sotgan vaqtlarida qo‘lga olindi.
Shuningdek, ulardan birining yashash xonadoni yerto‘lasi ko‘zdan kechirilganda, unda 351 gr. “opiy” moddasi borligi ham aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositasi Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.
Xazorasp tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 1962 y.t., muqaddam sudlangan fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirildi. Natijada, kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotgan 989 gr. “opiy” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu giyohvandlik vositasi Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.