Dvigatellar ishlab chiqaruvchi "Horse Powertrain" kompaniyasi Hindiston bozorida o‘z ishtirokini kengaytirishga tayyorgarlik ko‘ryapti. Bunga mamlakatda kichik hajmli avtomobillar uchun soliq stavkasining 28 foizdan 18 foizga tushirilgani sabab bo‘ldi. Kompaniya bosh direktori Matias Janninining so‘zlariga ko‘ra, ayni damda bozorda 1,2 litrli tejamkor dvigatellarga talab keskin oshgan.
Londonda joylashgan va "Renault" hamda "Geely" tomonidan tashkil etilgan Horse kompaniyasi allaqachon Hindistonda o‘z yuridik shaxsini tashkil etish uchun ariza topshirgan. Jarayonning ilk bosqichida mahsulotlarni import qilish va hamkorlik o‘rnatish, keyinchalik esa mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Hozirda kompaniya yetakchi avtozavodlar bilan yirik shartnomalar bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.